Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ko‘zi ojizlar kutubxonasida maxsus kitoblarga ehtiyoj bor (audio)

13 noyabr - Xalqaro ko‘zi ojizlar kuni munosabati bilan Samarqand viloyati ko‘zi ojizlar kutubxonasida “Dil gavharlarimizni avaylaylik” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Kutubxona jamoasi va a’zolari, maxsus maktab-internatlari o‘qituvchi va o‘quvchilari, viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi shifokorlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, jamiyatda o‘z o‘rinini topishiga ko‘maklashish, ularning kitobga, mutolaaga bo‘lgan mehrini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar xususida so‘z yuritildi.

- Brayl yozuvidagi maxsus kitoblar yetishmasligi eng katta muammolarimizdan biri, - deydi viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori Qurbonoy Yusupova. – 36 mingga yaqin kitob fondimiz mavjud bo‘lib, shundan brayl yozuvidagi kitoblar 7988 tani tashkil etadi. Kutubxonamiz a’zolaridan ayrimlari bu yerdagi mavjud kitoblarning barchasini o‘qib bo‘lgan. Shuning uchun maxsus kitoblar chop etish maqsadida muassasamiz qoshida bosmaxona tashkil etmoqchimiz.

-  Kutubxonadagi kitoblarni ikki-uch martadan o‘qib chiqqanman, - deydi faol kitobxon Abduhamid Abdumannonov. -  Kutubxonamizda brayl yozuvidagi hamda audiokitoblar sonini ko‘paytirsak, kitobxonlar safi yanada kengayadi.

Tadbir ishtirokchilariga viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasi vrachlari tomonidan tibbiy maslahatlar berildi. Yoshlar tomonidan ijro etilgan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

To‘lqin SIDDIQOV.