Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Loyihalarning asosi bandlikni ta’minlashga qaratilgan


1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?

9-Vatanparvar saylov okrugi 18 ta mahallani o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu mahallalardagi 8 mingga yaqin xonadonda 58 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Saylov okrugi hududida 2020 yilda amalga oshirish uchun bir necha istiqbolli loyihalarni rejalashtirganman. Shulardan biri - aholini ish bilan ta’minlash, bandlikni oshirish maqsadida “Har bir oila - tadbirkor”, «Yoshlar - kelajagimiz» hamda hunarmandchilikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasidagi loyihalardir. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun 3,5 milliard so‘mga yaqin kredit ajratish nazarda tutilgan. Loyihalar asosan yoshlar va uyda bekor o‘tirgan fuqarolar bandligiga qaratilgan. Masalan, Xazora va Hunarmandlar mahallalarida hunarmandchilik rivojlangan. Aniqrog‘i, bu mahallalardagi xonadonlarning har to‘rttasidan birida temir darvoza va eshiklar yasaladi, muhimi, xaridorlar ko‘p. Ular bugungidan ham ko‘p mahsulot tayyorlashi, yoshlar va uyda o‘tirgan kishilarni ish bilan ta’minlashi mumkin. Loyihani amalga oshirilishi, ya’ni ularni kam foizli kreditlar bilan ta’minlash esa ana shunday foydali ish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar sonini ikki barobarga oshishini ta’minlaydi.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Okrugimdagi aholi, tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va ularga ijobiy yechim topish maqsadida 5 marta uchrashuv o‘tkazdim. Bu uchrashuvlarda dastlab Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surgan g‘oyalari, belgilab bergan vazifalarini aholiga sodda tilda tushuntirdim, bu borada amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ishlar, rejalarim bilan o‘rtoqlashdim. Yaqinda esa mamlakatimizda kechayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish ishlari natijadorligi hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tomorqachilikni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etdim. Jumladan, Yangi hayot, Bekho, Dukchiyon, Tashabbuskorlar, Quyi Xo‘jasoat, O‘rta Xo‘jasoat, Navbog‘chiyon, Birdamlik, Bog‘i Mirzo, Bog‘i safedi, Qavola, Mo‘liyon, Vatanparvar, Xazora mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, aholiga tomorqadan foydalanish, urug‘lik, ma’danli o‘g‘it, kredit ta’minoti bo‘yicha ko‘mak berilishi haqida xabardor qildim.
Shuningdek, mahalla faollari bilan uchrashib, bugungi kunda byudjet mablag‘laridan foydalanishda shaffoflik va ochiqlik ta’minlanishi bo‘yicha ma’lumot berdim va o‘z navbatida Moliya vazirligi tomonidan “Ochiq byudjet” portali, “Fuqarolar uchun byudjet” axboroti nashr etilayotgani, “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida shahar mahalliy byudjetining prognozdan ortgan qismining 10 foizi xalq tomonidan ovoz berish orqali ishlatilayotgani haqida eslatdim. Bu borada ularni faollikka chorladim.

3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
Deputatlik faoliyatimni amalga oshirayotgan okrugda mahalla fuqarolar yig‘inidagi mavjud ijtimoiy muammolar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Masalan, Navbog‘chiyon mahallasida mahalla markazi qurib foydalanishga topshirildi, Bog‘i Mirzo mahallasida 1,2 kilometrlik yo‘l ta’mirlanib, asfalt qilindi.

Oxirgi deputatlik so‘rovim Do‘stlik va Ustozlar mahallalarida yo‘l hamda elektr ta’minotidagi muammolar yechimi, Qavola, Mo‘liyon, Bog‘i Mirzo, Mo‘liyoni poyon mahallalardagi gaz ta’minotidagi uzilishlarga barham berish, Navbog‘chiyon, O‘rta Xo‘jasoat, Tashabbuskorlar mahallalar aholisidan tushgan turli shikoyatlarga aniq javob berish bilan bog‘liq bo‘ldi va tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga jo‘natdim. Hozirgacha ularning aksariyati o‘z yechimini topdi, qolganlari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Umuman, hududdagi har bir holatni tizimli o‘rganib, aholining tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan hokimlik va tegishli tashkilotlar hamkorligida ularni yechishga harakat qilyapman.

Ilhomjon To‘xtasinov,
9-Vatanparvar saylov okrugidan Samarqand viloyati Kengashi deputati.