Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Magistral gaz quvuri oralig‘ida noqonuniy ish olib borayotgan ekskavator haydovchisi yonib ketdi

Farg‘ona viloyatida magistral gaz quvuri teshilishi oqibatida yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda “O‘ztransgaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 3 dekabr soat 15:15 da Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Baxmal qishlog‘i hududidan o‘tgan Farg‘ona magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Beshariq” GTSga boruvchi diametri 219 millimetr bo‘lgan quvur tarmog‘ining 4-5 kilometr oralig‘ida noqonuniy holda, tegishli ruxsatnomalarsiz ekskavator yordamida yer ishlarini (tosh olish) olib borish natijasida magistral gaz quvur tarmog‘iga shikast yetkazilgan va quvur teshilgan. Bu esa yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lgan va oqibatda ekskavator haydovchisi, 1960 yilda tug‘ilgan D.M. kuyish tan jarohati olib, tezkorlik bilan Beshariq shahar shifoxonasiga yetkazilgan.

Avariya holatini tezkor ravishda bartaraf etish uchun magistral gaz quvuriga gaz berish to‘xtatilgan va yong‘in tezda o‘chirilgan.

Avariya oqibatida shikastlangan gaz quvuri kech soat 20:50 da qayta tiklandi, aholiga tabiiy gaz yetkazib berish 4 dekabrda tiklanadi.

“Hurmatli vatandoshlar! Barcha turdagi energiya ta’minoti tizimining, ayniqsa, yuqori bosimli gaz quvurlarining muhofaza hududi va xavfsizlik talablariga amal qilishga hamda shu kabi holatlarning oldini olishga chaqirib qolamiz”, deyiladi xabarda.