Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahalliy Kengashlarda ham hududiy NNTlar vakili bo‘lishi lozim

Davlat rahbarining parlamentga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini har bir inson o‘z hayotida his etishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta’minlash talab etiladi.

Respublika va mahalliy darajada qabul qilinayotgan hujjatlar, ishlab chiqilayotgan dasturlar sidqidildan va to‘laqonli amalga oshirilsa jamiyatdagi mavjud muammoli masalalarni hal etish va aholining turmush sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Ijroni tashkil qilish jarayonida samarali nazoratning bo‘lishi esa muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimizning ta’kidlashicha, amaldagi nazorat tizimi ko‘proq formal tusga ega bo‘lib, ijroni tashkil etishdagi muammolarni aniqlash va hal qilishga yo‘naltirilmayapti. Shundan kelib chiqib, qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” joriy qilinadi. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar faol jalb etiladi.

Kuchli fuqarolik jamiyati shakllangan davlatlarda jamoatchilik nazorati mexanizmi samarali ishlaydi. Mamlakatimizda ham 2019 yilda tashkil etilgan “Yuksalish” umummilliy harakatiga Davlat dasturlari ijrosining monitoringini jamoatchilik nazorati tartibida olib borish vazifasi yuklatilgan. Bugungi kungacha bo‘lgan faoliyati davomida Harakat tomonidan yetarlicha tajriba to‘plandi. Jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini amaliyotga joriy etish borasida, bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining faol ishtirokini ta’minlash borasida ham ishlar olib borilmoqda.

Murojaatnomada mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari bo‘yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlari jalb etilishi, shuningdek, parlament quyi palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili instituti joriy etilishi taklif qilindi. Bu, albatta, hozirgi sharoitda juda o‘rinli hamda nodavlat notijorat tashkilotlarni yanada ishtiyoq bilan ishlashga undovchi muhim qadam bo‘ldi.

Shu bilan birgalikda, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida ham hududiy nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili bo‘lishi hamda ushbu vakil mahalliy Kengashlar sessiyalarida ishtirok etish, qabul qilinayotgan qarorlarga ta’sirchan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik masalalarini kiritish bo‘yicha takliflar berish vakolatiga ham ega bo‘lishi yanayam maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Zafar Karimov,

“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi rahbari.