Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mirzo Ulug‘bekning nefritdan yasalgan piyolasida nima yozilgan?

Mirzo Ulug‘bek ilm-fan rivoji yo‘lida dunyo ahamiyatiga molik ishlarni amalga oshirgan. Afsuski, uning vafotidan so‘ng nafaqat ilm-fanga bo‘lgan e’tibor, balki Mirzo Ulug‘bekka tegishli bo‘lgan jihozlar, buyumlar ham talon-toroj qilingan. Bugun ularning ayrimlari dunyoning mashhur muzeylarida saqlanadi. Ushbu tarixiy buyumlarni o‘rganar ekanmiz, ularda bobomizning o‘zbek tili, ya’ni turkiy tilga bo‘lgan e’tiborini ko‘rishimiz mumkin.

O‘sha davr an’analariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bekka tegishli jihozlarga ismi yoki u tomonidan aytilgan hikmatli so‘z va jumlalar yozilgan. Bunda arab va fors tillaridan tashqari o‘zbek (turkiy) tilidan ham keng foydalanilgan. Jumladan, bobomizga tegishli bo‘lgan yashil nefrit toshidan yasalgan, Buyuk Britaniya muzeyida saqlanayotgan piyolani misol qilishimiz mumkin. Taxminan 1420-1449 yillar oralig‘ida Samarqandda mahorat bilan yasalgan piyola ovalsimon ko‘rinishga ega bo‘lib, 200-250 millilitr suyuqlik solsa bo‘ladi. Piyolaning balandligi 7,3 santimetr, uzunligi 19,5 santimetr, eni 12,4 santimetrga teng. Unda Ulug‘bekning ismi bilan bir qatorda “karami Haqqa nihoyat yo‘qdur”, degan o‘zbek (turkiy) tilidagi kalima yozilgan. Ushbu piyola Buyuk Britaniya muzeyining noyob eksponati sifatida 2016-2017 yillarda Kanberradagi, Avstraliya milliy muzeyida (National Museum of Australia), 2017 yilda Pekinning Xitoy milliy muzeyida hamda Shanxay muzeyida ochilgan ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.

Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida Movarounnahrdagi savdo-sotiq ishlarini rivojlantirish va bozorda savdo muomalasida yuritilgan mis pullarini tartibga keltirish maqsadida 1428-1429 yillarda pul islohoti o‘tkazib, mis pullarni yangi ko‘rinishdagi shaklda zarb qiladi. Tangalar xalq orasida fulusi adliya nomi bilan mashhur bo‘lgan. Ulug‘bek davrida garchi, Samarqand va Buxoroda kumush tangalar zarb qilingan bo‘lsa ham ularni Ulug‘bek o‘z nomi bilan emas, balki padari buzrukvori Shohruhning nomi bilan zarb ettirgan. O‘z nomidan kumush tanga pullarni faqat otasi Shohruh vafotidan keyingina zarb qilishga kirishadi. E’tiborlisi, ushbu tangalarda arab, fors tillaridan tashqari o‘zbek (turkiy) tilida yozilgan so‘zlarni o‘qishimiz mumkin. Masalan, bizgacha yetib kelgan, 1449 yilda Samarqandda zarb etilgan tangalarda tanganing zarb etilgan joyi, sanasi va boshqa an’anaviy yozuvlar qatorida “Temur Ko‘ragon himmatidin Ulug‘bek Ko‘ragon so‘zim” degan turkiy (o‘zbek) tilda, arab alifbosida yozilgan jumlalarni ko‘rishimiz mumkin.

Boy tariximiz aks etgan osori-atiqalarga nazar tashlar ekanmiz, tilimiz ham dunyoning rivojlanish bosqichlariga turtki bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz.

J.SAMAROV,

Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi katta ilmiy xodimi.