Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Narpayning «Jasorat»li o‘g‘loni

Onasi uni erkalab, “Mening supraqoqtim, mening boquvchim” derdi. Afsuski, bu kunlarni ko‘rish onaizorga nasib etmadi. Hikoyamiz qahramoni – Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlarining Andijon viloyatidagi harbiy qismda vzvod komandiri, kapitan Narziyev Bobur Norqo‘zi o‘g‘li.

Bobur Narziyev Narpay tumani Bolg‘ali qishlog‘ida ziyolilar oilasida tug‘ildi. U oilada yetti farzandning eng kichigi. Bolaligidan bir so‘zli, ilmga chanqoq bo‘lib o‘sdi. Otasi Norqo‘zi aka Boburjonga halollikni, mardlikni, haqiqiy vatanparvarlikni o‘rgatdi. Onasi Ro‘zibuvi aya to‘g‘ri ta’lim-tarbiya berdi. Bobur maktabni a’lo baholarga bitirgach, Toshkent harbiy akademiyasi (sobiq Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti)da tahsil oldi. Hayotini Vatan himoyasiga bag‘ishladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Bobur Narziyevning ham borligi narpayliklarni xursand qildi.

E’tiborlisi, B.Narziyev «Jasorat» medalini shaxsan Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevdan qabul qilib oldi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.