Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

OAV: Uxanda koronavirus aniqlangan birinchi bemor haqida ma’lumot berildi

Uxanning “Xuanan” bozorida qisqichbaqa sotuvchisida ilk marotaba COVID-19 virusi bilan kasallanish holati aniqlangan. Biroq qisqichbaqa sotuvchisi qayerdan va qanday qilib bu kasallikni yuqtirib olganligi hamda u “nolinchi bemor” bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi noma’lumligicha qolmoqda. Bu haqda Xitoyning yetakchi nashrlaridan biri “Penpay” gazetasi xabar bermoqda.

“Xuanan” dengiz maxsulotlari bozori kasallik tarqalishining birinchi manbaasi bo‘lganmi yoki virus u yerga boshqa yerdan kelib qolganligi to‘g‘risidagi bahslar hozirgacha davom etmoqda. Mutaxassislar “nolinchi bemor”ni va qanday yo‘l bilan virus hayvondan insonga o‘tganligini aniqlay olishmadi.

“Penpay” nashri bergan ma’lumotga ko‘ra, “Xuanan” bozorida tirik qisqichbaqalar bilan savdo qiluvchi, familiyasi Vey bo‘lgan ayolning 2019 yil 11 dekabr kuni noma’lum sabablar tufayli tana harorati ko‘tarilgan. Keyinchalik aynan u “Xuanan” bozorida COVID-19 koronavirusi aniqlangan birinchi bemor bo‘lganligi aniqlangan.

Vey xonim bozor yaqinidagi uylardan birida uzoq yillardan beri ijarada turgan. Tana harorati ko‘tarilganidan so‘ng u uyining birinchi qavatida joylashgan klinikaga murojat qilgan.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Shu sababdan uyda yoki kasalxonada yotib davolanishning imkoni bo‘lmagan. U sog‘ligi yomonlashgan vaqtda har safar kasalxonaga borib ukol olgan va ertasi kuni o‘zini yaxshi his eta boshlagan. Biroq bu safar ikkita ukol ham unga yordam bermagan. Undan keyin Vey boshqa kasalxonaga murojat qilgan. U yerda ham unga hech kim yordam bera olmagan va keyin uyda yotib davolanishga qaror qilgan. 16 dekabr kuni ayol Xuachjun fan va texnologiya universiteti qoshidagi “Sexe” kasalxonasiga murojaat qilgan. O‘sha yerda Vey xonim bilan jiddiy shug‘ullanishgan.