Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oila munosabatlarini tartibga soluvchi normalar nimalardan iborat?

Viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursida tashkil etilgan navbatdagi davra suhbati aynan shu mavzuga qaratildi.

O‘quv kursi xodimlari, tinglovchilar va mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda so‘z olganlar O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining mazmun-mohiyati, oila munosabatlarini tartibga soluvchi normalar, O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasiga to‘xtaldilar.

Ta’kidlandiki, barcha fuqarolar oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga ega. Nikoh tuzish chog‘ida jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei hamda boshqa holatlarga qarab, huquqlarni muayyan tarzda bevosita yoki bilvosita cheklashga va afzalliklar belgilashga hamda oilaviy munosabatlarga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ona va bola manfaatlarini muhofaza qilish ayollarning mehnati va sog‘lig‘ini saqlashga doir maxsus tadbirlar ko‘rish, mehnatni onalik bilan bog‘lab olib borish uchun ayollarga sharoit yaratish, onalik va bolalikni huquqiy himoya qilish, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan ta’minlanadi.

Oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan oila a’zolari o‘rtasidagi mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari oilaviy munosabatlarning mohiyatiga zid kelmagan taqdirdagina qo‘llaniladi.

Qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar bo‘lmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillariga zid bo‘lmagan mahalliy urf-odat va an’analarga tayaniladi.

Qizg‘in savol-javob tarzida o‘tgan davra suhbatida milliy qadriyatlarimizning oila mustahkamligini ta’minlashdagi o‘rni va roli xususida atroflicha fikr almashindi. An’ana va qadriyatlarimizning bardavom bo‘lishi, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitning mustahkam bo‘lishida mahalla faollari oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Yo.GADOYEV.