Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

OITSga chalingan bemorlar karantin kunlarida qanday muolaja oladi?

Karantin payti turli xastaliklar bilan kasallangan, doimiy ravishda muolaja olib turish kerak bo‘lgan bemorlar qanday yo‘l tutmoqda? Bu haqda mutasaddilarining har kuni ommaviy axborot vositalarida berib borilayotgan javoblari orqali xabardor bo‘lib turibmiz. Ya’ni har bir bemor o‘z hududidagi tibbiyot muassasasida davolanish imkoniga ega bo‘lib, zarurat tug‘ilganda yo‘llanma bilan viloyat miqyosidagi shifoxonalarda muolaja olishi mumkin. Ammo shunday xastaliklar borki, bunday dardga chalinganlar ayni damda ko‘chaga chiqishi juda xavfli, kasallikni yuqtirib olishi oson, undan davolanishi esa murakkab, deyarli imkonsiz.

Jumladan bu OITS infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlarga ham. Ushbu xastalikka chalingan bemorlar bugun davolanishni qay tariqa davom ettirmoqda? Bu haqda bilish uchun viloyat OITSga qarshi kurashish markaziga bordik. Markazga kiraverishda dezinfeksiyalovchi tunnel tashkil etilib, keluvchilar boshdan oyoq zararsizlantiruvchi dushdan o‘tkazilmoqda. Hamshiralar binoga kiruvchilarning tana haroratini o‘lchab, qo‘liga zararsizlanturvchi vositalardan surmoqda.

- Viloyatda OITS xastaligidan davolanayotgan bemorlarga barcha zarur dori-darmonlar 1 aprelga qadar tarqatildi, - deydi Samarqand viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh vrachi Zokir Umrzoqov. – Ushbu dori-darmonlar ularning uch oylik muolajasi uchun yetarli. Karantin kunlaridan avval boshqa viloyatlarga borib qolgan yoki boshqa viloyatdan Samarqandga kelib, qolib ketgan bemorlar bor. Ular ham markazlarning o‘zaro kelishuvi natijasida zarur dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, bemorlar uchun onlayn maslahat berayotgan, shu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi nodavlat tashkilotlar bor. Ular ayni kunlarda yanada faol ish olib bormoqda.

Markazimizda yaqindan ftiziatr mutaxassis ish boshladi. Bu ham xastalikka chalingan bemorlarning samarali davolanishlari uchun qulay bo‘ldi.

Shuningdek, bu yil xastalikka chalinganlar soni o‘tgan yilgidan 21 taga kamaydi. Ammo yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkich o‘zgarishi mumkin. Chunki OITS xastaligini xavf guruhidagilarda aniqlash uchun ishlar endi amalga oshiriladi. Xastalik qanchalik erta aniqlansa, uni davolash ham yengilroq kechadi va bemorning umr davomiyligi oshadi. Keyingi yillarda preparatlarning yanada yaxshilangani tufayli OITSga chalingan bemorlarni davolash samaradorligi oshib bormoqda. Ilgari bemorlarning teri rangi, ahvoli yildan-yilga salbiy tomonga o‘zgarardi. Hozir bu masalada ahvol ancha ijobiy. Masalan, markazimizda 2004 yildan beri davolanib kelayotgan bemor bor, bugun xam uning salomatligi yaxshi, deyish mumkin.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz kasallikni tibbiy muassasalarda yuqtirib olish xavfi qanchalik ekani bilan qiziqishadi. Qolaversa, tibbiyot xodimlarining ham bu xastalikni yuqtirib olish holatlari afsuski, mavjud. Har bir bemorning o‘z xavfsizligi nuqtai nazaridan ogoh bo‘lishi bugun har qachongidan ham muhim. Ayniqsa, koronavirus bu ogohlikni kuchaytirgani nafaqat bemorlar, balki tibbiyot xodimlarining o‘zlari uchun ham ehtiyotkorlik, tibbiy qoidalariga har qachongidan ko‘proq rioya etish muhimligini yana bir karra eslatib qo‘ydi.

- OITSga chalingan bemorlar markazdan yo‘llanma olgach, keyin u yoki bu tibbiyot muassasasiga borishadi, bu esa har bir tibbiyot xodimini shunga mutanosib tarzda ish olib borishini taqozo etadi, - deydi Z.Umrzoqov. – Umuman olganda, qay yo‘nalishdagi shifoxona bo‘lishidan qat’i nazar va undagi har bir tibbiyot xodimi bemorni davolayotganda unga infeksion xastalik mavjud bemorday qarashi va o‘zini hamda boshqalarni himoyalash uchun barcha qoidalarga rioya qilishi zarur.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunlarda OITSga chalinganlarning katta foizi yosh nuqtai nazaridan olib qaralsa ayni mehnat qiladigan, 20-49 yoshdagilarni tashkil qiladi. O‘tgan yili aholining to‘qqiz foizi ushbu xastalikka tekshirilib, erta aniqlash holati ko‘paygan bo‘lsa, bu yil bunday tekshiruvlar 20 foizga yetishi kutilmoqda.

Gulruh KOMILOVA.