Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ona tilini mukammal bilmay turib, o‘zga tilni o‘rganish nechog‘li o‘rinli?

Tilimizning qadr-qimmatini, mavqeyini oshirish yo‘lidagi o‘zgarishlarga qaramasdan, hali-hanuz jamiyatimizning ba’zi bir g‘arblashgan va g‘ariblashgan a’zolarining farzandlari rus sinflarda o‘qib, rus tilini o‘rgansa, kelajakda qiynalmas emish. Zamonaviy tilda aytganda, “kulturniy” odam bo‘larmish.

To‘g‘ri, ko‘ptillilik hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri. Hattoki, mashhur shoirimiz Avaz O‘tar ham boshqa tillarni o‘rganish muhimligini alohida ta’kidlab o‘tgan. Lekin masalaning boshqa tarafi shuki, avval ona tilini mukammal bilmay turib, o‘zga tilni o‘rganish nechog‘li o‘rinli? Ko‘pchilik o‘ziga to‘q oilalarda bolasini rus sinfda o‘qitadi. Ba’zi ota-onalar: “Mening bolam rus, ingliz tillarida bemalol gaplashadi”, deb ko‘krak keradi. “Chunki kichikligidan unga uyda ruscha gapirardik, tili ruschada chiqdi”, deb faxrlanadi. Lekin bilmaydiki, bu bilan boladagi milliy g‘urur, Vatanga, kindik qoni tomgan zaminga bo‘lgan muhabbatiga bolta urayotganini.

Ota-onalarning bunday fikrlashiga asoslar yo‘q emas. Hammamizga sir emaski, biror yuqori tashkilotga ishga kirishda avvalambor rus va ingliz tilini bilish darajasi so‘raladi. Alam qiladigani, nega mamlakatimizda yashayotgan, shu jamiyatdan non-tuz yeyayotgan boshqa millat vakillaridan o‘zbek tilini bilish darajasi so‘ralmaydi? Nega ko‘cha-ko‘yda deylik, rus millatiga mansub kishini uchratib qolsangiz, u o‘zbek tilida gapirishga harakat qilmaydi? Nega biz unga fikrimizni qiynalib bo‘lsa-da, rus tilida tushuntirishimiz kerak? Uning oldida rus tilini bilmaganimizdan yuzimiz qizarishi kerakmi? Nega ular O‘zbekistonda yashab turib o‘zbek tilini bilmasligidan uyalmaydilar? Mana shu eng og‘riqli, kishini yuragini o‘rtaydigan narsa.

Yaqinda bir tanishim ish izlab poytaxtdagi ta’lim maskanlaridan biriga bordi. Undan rus tilini bilish darajasi so‘ralibdi. Rus tilini yaxshi bilmasa, ishga olmasmish.

Biz bilan Afg‘onistondan kelgan talabalar tahsil oladi. Rosti, O‘zbekistonda yashab turib o‘zbek tilida ulardek gapirolmasligimdan uyalib ketdim. Birinchi bor afg‘on kursdoshlarimga havasim keldi. Qancha talofatlaru, qancha qirg‘inbarotlardan so‘ng ham tilini sof holda saqlab qolganidan ochig‘i, hayratlandim. Ular biz ishlatadigan har bir xorijiy so‘zni sof o‘zbekcha atamalar bilan gapiradiki, havasing keladi kishi. Biz, o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi. Ular ham o‘zbek, Afg‘oniston fuqarosi. Farq shunda. Ular hazrat Navoiy tilini aslligicha saqlab qolish ilinjida. Biz-chi? Tilimizni yot unsurlar bilan bulg‘ash ilinjida. “Sizlarda lotin yozuvining ishlatilishi qonun bilan belgilangan ekan. Lekin hujjat ishlarida ruslarning yozuvidan foydalanar ekansizlar”, deyishsa, so‘z topolmay uyaldim. Hatto, qonunda belgilangan yozuvga ham 25 yildan beri to‘liq o‘tolmabmiz. Mana milliy tilimiz va yozuvimizning ahvoli.

To‘g‘ri, yuqorida aytganimizdek globallashuv jarayonida, dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan vaqtda tilimizni yangi xorijiy so‘zlardan saqlab qolish amri mahol. O‘zgarish bor joyda rivojlanish bo‘lishi tabiiy hol, albatta. Ammo o‘zimizda yo‘q so‘zlarni ishlataylik-da. Qachongacha muzqaymoqni “morojenoye” deymiz?

Endi bularni bartaraf qilish, tilimizni boyitish, dunyo miqyosida jaranglatish nafaqat biz filologlarning, balki jamiyatning har bir a’zosining burchidir. Buning uchun bir qancha ishlarni amalga oshirishimiz kerak.

Xo‘sh, nimalar qilishimiz kerak?

- Birinchi navbatda, darsliklarni qayta ko‘rib chiqish;

- ona tilini maktablarda bo‘lib o‘qitish;

- oliy ta’limga kirishda imlo savodxonligini hisobga olish;

- ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekcha ma’lumotlar, ilmiy, amaliy, o‘quv qo‘llanmalarining sonini kengaytirish;

- yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillarining ham o‘zbek tiliga qiziqishini uyg‘otish;

- davlat tashkilotlariga ishga kirayotganda yozma savodxonlikni sinovdan o‘tkazish;

- ommaviy axborot vositalari, xususan, televideniyeda faqat o‘zbek adabiy tilida gapirilishini ta’minlash (hozir hamma ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar "vottilab efirga ketvotti")

- ko‘chalarda yozilgan nomlar, xorijiy nom bilan atalgan xizmat ko‘rsatish maskanlari (ba’zida ko‘chada yursam o‘zimni Yevropada yurgandek his qilaman);

- reklamalardagi xato yozilgan so‘zlar uchun jarima joriy qilish.

Bularni amalga oshirish har birimizning milliy burchimizdir. Shundagina tilimiz o‘z qadr-qimmatini saqlaydi va keyingi avlodlarga asl go‘zalligini saqlagan holda yetib boradi.

Dildora NORQO‘ZIYeVA,

Samarqand shahridagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.