Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Onam “deport” bo‘lib kelgan kun - eng yaxshi kunim. Farzandingizning yaxshi ko‘rgan kunini bilasizmi?

Har bir insonning o‘zi yoqtirgan kuni bo‘ladi va u xotirasida yaxshi saqlanib qoladi. Aynan shu kun uning hayotida unutilmas lahzalarni hadya qilgan bo‘lishi mumkin. Yana kim uchundir farzandli bo‘lgan kuni yoki tavallud ayyomi, turli bayramlar eng yaxshi kun sifatida xotirasiga muhrlangan. Ammo farzandingizning eng yaxshi kunini bilasizmi?

Yaqinda o‘quvchilarimdan "Mening eng yaxshi ko‘rgan kunim" mavzusida insho oldim. Insholar ichida 5-sinf o‘quvchisining ishi e’tiborimni tortdi.

"Onam chet elga ketishga tayyorgarlik ko‘rdi. Biz akam bilan onamni kuzatishga aeroportga bordik. Chunki yuklari og‘ir edi. Onamni kuzatib, uyga kelishimiz bilan onam qo‘ng‘iroq qilib tezda aeroportga yetib kelishimizni tayinladi. Yetib borsak, onam yuklari bilan tashqarida turibdi. Hayron bo‘lib, nima bo‘lganini so‘radik. “Deport bo‘libman. Endi ketolmayman, sizlar bilan uyga qaytib ketaman”, dedi ma’yus. Qovog‘imni uyib, o‘zimni xafa bo‘lgandek tutdim. Lekin ichimda shunaqa quvondim, shunaqa xursand bo‘lib ketdim. O‘sha kundan beri onam biz bilan birga. Men uchun onam deport bo‘lib ketolmagan kun - eng yaxshi, baxtli kunimdir", deb inshosini yakunlagan.

Har bir bolaning o‘z dunyosi, o‘z haqiqatlari bor. Ammo uning qalbiga har doim ham quloq solmaymiz. O‘quvchilarning ko‘pchiligining ota-onasi qarindoshlariga, buvilariga tashlab chetga ishlash uchun ketgan. To‘g‘ri, ular ham oilasining, farzandlarining kelajagi, barkamol voyaga yetishi uchun zarur sharoitlarni yaratish uchun uzoqda mehnat qilmoqda. Farzandim yaxshi bilim olsin, oliy ta’lim dargohlarida o‘qisin, deydi. Ularni har tomonlama kiyim-kechak, zamonaviy texnika vositalari bilan ta’minlab qo‘ygan. Lekin ularga mehr yubora olmaydi. Ularning qalbiga quloq sololmaydi.

O‘quvchilar orasida ham ota-onasi bilan o‘sayotgan bola ajralib turadi. Ularda iroda, qat’iyat, o‘ziga bo‘lgan ishonch bor. Bobo-momolari, qarindoshlari bilan o‘sayotgan bolalarning ko‘ngli kemtik, yuzida mahzunlik mujassam. Darslarga e’tibori ham sust. Aslida ayni ulg‘ayish davrida farzandga mehr, e’tibor kerak. Balki, siz bilan o‘tkazgan har bir kuni hayotining eng yaxshi kunlaridir.

Munisa ShAMSIYEVA.