Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘quv yilini ijobiy yakunlab, yangi o‘quv yiliga munosib tayyorgarlik ko‘rish lozim

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi onlayn yig‘ilishda ushbu masalalar muhokama qilindi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov rahbarligida ZOOM dasturi orqali o‘tkazilgan navbatdagi onlayn yig‘ilishda tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari, boshqarmaning bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.

Unda kun tartibidagi masalalarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2020 yil 20 maydagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2019-2020 o‘quv yilini yakunlash hamda o‘quvchilarni attestat (shahodatnoma) bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi buyrug‘ida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, o‘quvchilarni sinfdan sinfga ko‘chirish, bitiruvchilarga attestat, shahodatnoma va sertifikatlarni maktablarga o‘z vaqtida yetkazish bo‘yicha vazifalar haqida so‘z bordi.

Onlayn yig‘ilishda tizimdagi bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lgan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish, o‘tgan o‘quv yilida bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama etildi.

— O‘tgan o‘quv yilida 11-sinfni bitirgan o‘quvchilarning bor-yo‘g‘i 30 foizdan ortiqrog‘i oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, — dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov. — O‘ndan ortiq OTMga ega viloyatda o‘quvchisi oliygohga hujjat topshirmagan maktablar soni ham ko‘p bo‘ldi. Shuning uchun ham respublikada Samarqandning ta’lim sifati va samaradorligi bo‘yicha nufuzi tushib ketdi. Joriy yil esa bunday xato va kamchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Maktablarni bitirayotgan 53 ming 500 nafardan ortiq bitiruvchilarning barchasi OTMga hujjat topshirishi shart. Bugun imkoniyatlar tobora kengaymoqda. Bo‘lg‘usi talabalar uchun yaratilib, bepul foydalanish yo‘lga qo‘yilgan abt.uz, dtm.uz, ilm.uz, test.tdi.uz kabi saytlarning imkoniyatlaridan bitiruvchilarning unumli foylanishi keng targ‘ib qilinishi lozim. Bundan buyon mudirdan tortib, maktab direktori va pedagogik jamoaning faoliyatiga ular ta’lim-tarbiya bergan o‘quvchining OTMga o‘qishga kirishi bilan baho beriladi, shunga qarab xulosa qilinadi.

Kun tartibiga muvofiq, umumta’lim muassasalarini o‘z vaqtida yangi o‘quv yiliga shay holatga keltirish, o‘quvchilarning darsliklar bilan ta’minlanishini qat’iy nazoratga olish, pedagoglarning malaka va tajribasi, bilimini oshirish masalalari doimiy ravishda e’tibor markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Onlayn yig‘ilishda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Boboxolov so‘zga chiqib, ta’til davomida Xalqaro baholash dasturlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, tayanch maktablarning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, o‘qituvchilarning xalqaro dasturlarga tayyorgarligini tashkil etish, malaka va tajribasini oshirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.

S.Usmonov yig‘ilish davomida xalq ta’limi tizimidagi ba’zi illatlar, yildan-yilga ko‘chib kelayotgan kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tdi.

— Viloyatda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida bor salohiyatimiz, tajriba va malakamizni safarbar etishni juda-juda xohlaymiz. Ammo yillar davomida bu sohada ildiz otib kelgan illatlar tufayli, tizimdan xalqimizning, jamoatchiliklikning haqli noroziligiga sabab bo‘layotgan kamchiliklar tufayli asosiy vaqtimiz shikoyatlarni ko‘rib chiqish va yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish bilan o‘tyapti, — dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov. — Ayrim direktorlar maktabdagi ta’lim-tarbiya jarayonlarini nazorat qilish, o‘qituvchining bilimini, malakasini tekshirib, uni o‘z ustida ishlashga undash, maktabning nufuzini har tomonlama ko‘tarishda tashabbuslarni ilgari surish o‘rniga, mas’uliyatni unutib, lavozimni o‘zida saqlab qolish taraddudi yetakchilik qiladi. Xalq farzandining ta’lim-tarbiyasi, kelajagini o‘ylab, doim ildam harakat qiladigan direktorning hurmatini joyiga qo‘yamiz. Agar u o‘z vazifasini bajarmayotgan bo‘lsa, bunday direktorlarni o‘rnida saqlab turishning foydasi yo‘q.

O‘quvchilar uchun yozgi ta’tilni pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda, mazmunli tashkil etish, yozgi bolalar oromgohlarini mavsumga tayyorlash ishlarini yakunlash, o‘tgan kuz-qish mavsumida kelib chiqqan muammolardan xulosa qilgan holda, hozirdanoq tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarini mavsumga tayyorlash, muammolarni o‘z vaqtida oldini olish bo‘yicha xalq ta’limi bo‘limi mudirlariga bir qator vazifalar belgilab berildi.

Onlayn yig‘ilish so‘nggida viloyat xalq ta’limi tizimidagi muammolarni hal etish va muhim vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, ortiqcha vaqt sarflash va sarsongarchilikning oldini olish maqsadida xuddi shunday yig‘ilishlarni tez-tez tashkil etishga kelishib olindi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.