Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbek, rus, tojik tillarida bir xilda ijod qilardi

Suratlardan biri 1972 yilda Nurota yaylovlarida olingan. Samarqand viloyati partiya qo‘mitasi xodimi Hojiqurbon Hamidov, «Qishloq hayoti» gazetasi muxbiri Nusrat Rahmat va Nurota tumani partiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Boltaboy Mamarasulov yozilajak materialni muhokama qilishyapti.

Hojiqurbon aka 1975 yil 7 may kuni Kattaqo‘rg‘ondagi bayram tadbirlarida qatnashib qaytayotganda avtohalokatdan halok bo‘ldi. Ertasiga u kishini Shohi Zindaga dafn etdik.

Samarqandning Bog‘imaydonida o‘sib-ulg‘aygan H.Hamidov 1959 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tugatib, «O‘zbekistoni surx» (hozirgi «Ovozi tojik») gazetasida ish boshlagan.

1961-1969 yillarda «Zarafshon» (sobiq «Lenin yo‘li») gazetasida muxbir va bo‘lim mudiri bo‘ldi. Bir muddat viloyat partiya qo‘mitasida ishlagach, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limiga rahbar etib tayinlandi. «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoni oldi.

H.Hamidov Sadriddin Ayniy hovlisini uy-muzeyiga aylantirish tashabbusi va jonkuyarlaridan biri edi.

Hojiqurbon akaning publitsistik maqola va feletonlari sobiq ittifoq, mamlakat va viloyatdagi barcha nashrlarda chop etilar, ustoz o‘zbek, rus, tojik tillarida bir xilda ijod qilardi. U kishining davralardagi maroqli suhbatlariga, shijoati va g‘ayratiga, ijodiy topqirligiga ko‘pchilik havas qilardi.

Bugun o‘g‘li Daler padari buzrukvorining ma’rifiy ishlarini davom ettirayotgani quvonchlidir.

Ustozning joylari jannatdan bo‘lsin!

Farmon TOShEV.