Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston eroniylari tarixi

Bugun O‘zbekistonda, ayniqsa, Samarqand va Buxoroda yashab kelayotgan eroniylarning asosiy qismi Eronning Xuroson viloyati va uning atroflaridan ko‘chib kelgan. Ularning avlodi asli turkiy bo‘lib, orasida kichik kurd va fors guruhlari ham bor. Bularning barchasini birlashtiruvchi omil – bu ularning shialikning Ja’fariy mazhabiga e’tiqod qilishidir.

Eroniylarning kelib chiqishi har xil bo‘lib, ularni kelib chiqishiga ko‘ra uch guruhga ajratish mumkin:

1) XVIII asrning oxirlarida Buxoro amiri Shohmurod (1775-1800) tomonidan Buxoro va Samarqandga ko‘chirilgan Marv shahri aholisining avlodlari;

2) 1860-1880 yıllarda Chor Rossiyasi bosqinidan keyin Buxoro amirligi va Rossiya o‘rtasidagi shartnomaga ko‘ra ozodlikka erishgan Xurosonning turli o‘lkalaridan va Shimoliy Afg‘onistondan keltirilgan qullarning avlodlari;

3) turli paytlarda o‘z istagi bilan Erondan O‘zbekiston hududiga ko‘chib kelganlarning avlodlari.

Ushbu uch guruhdan eroniylarning asosiy qismini «Marviy» (Buxoroda ko‘proq «Mavriy» deb talaffuz qilinadi) nomi bilan mashhur va Amir Shohmurod tarafidan Marvdan ko‘chirilganlarning avlodlari tashkil etadi. Ma’lumki, 1786 yilda Buxoro amiri Shohmurod Marv shahrini bosib olib, Marv hokimi bo‘lgan Bayram Alixon Qojorni qatl ettirgan va Marv aholisini Buxoro amirligining Buxoro, Samarqand va boshqa joylariga ko‘chirtirgan. A.Grebyonkining fikriga ko‘ra, Marv aholisi juda yaxshi dehqon, askar va hunarmand bo‘lgani sababli Amir Shohmurod ularni boshqa shialar kabi qulga aylantirmay, shaharlarga joylashtirdi, ularga mulk sifatida unumdor yerlar va bo‘sh turgan uylarni berdi.

Demak, eroniylarning «Marviy» nomli guruhining kelib chiqishi Marv shahridandir. Ammo shu yerda bir savol o‘rinli, XVIII asrda Marv aholisi kimlardan edi, ularning kelib chiqishi qanday? Shoh Ismoil I Safaviy (1501-1524) zamonida nufuzli turkiy qabilalardan biri bo‘lgan afshorlarning bir qismi Xuroson chegaralari yaqinlariga – Daragaz, Kalot, Serahs, Abivard va Marvga ko‘chib, joylashganligi tarixdan ma’lum. Shu bilan birga, Safaviylar zamonida Xurosonga boshqa turkiy qabilalar ham kelib o‘rnashganlar. Xususan, Shoh Abbos I (1524-1587) hozirgi Ozarbayjonning Ganja o‘lkasidan Marv shahriga qojor qabilasini ko‘chirtirgan. Shoh Abbos II (1632-1667) zamonida esa qojorlarning ahmadlu yoki qojor ahmadlu qabilasi ham Marvda yashaganligi manbalarda qayd etilgan. Bundan tashqari, 1600 yildan 1786 yilgacha Marv shahri qojor qabilasidan bo‘lgan hokimlar tarafidan boshqarilgan va uning so‘nggi hokimi Bayram Alixon qojor bo‘lgan. Herman Vamberi «O‘rta Osiyoga sayohat» nomli asarida Marviylar haqida shunday deb yozgan «Marvliklar. Bular taxminan 1810 yilning atroflarida amir Sa’idxon tomonidan Marvni qo‘lga kiritgandan keyin Sariqlar (Turkman qabilasi – A.K.) yordami bilan Buxoroga ko‘chirtirilgan o‘sha 40 ming forsning avlodlaridir. Kelib chiqishiga qaralsa, aslida bular Nodir Shoh tomonidan eski ona yurtlaridan Marvga keltirilgan Ozarbayjon va Qorabog‘ turklaridir».

Xulosa o‘rnida, biz O‘zbekiston eroniylarining aksariyatini Safaviylar va Nodir Shoh zamonida Ozarbayjon, Qorabog‘, Onado‘lu (Anatoliya) va boshqa o‘lkalardan Xurosonga ko‘chirtirilgan turkiy qabilalar va mahalliy turkiy qabilalar (qaroyi, tatar, chig‘atoy, arlot, gerayli va boshqalar) qorishuvi natijasida shakllangan Xuroson turklarining, xususan, afshor va qojor kabi qabilalar vakillarining avlodlari ekanligini ayta olamiz.

Andrey KUBATIN.