Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi, jahonda 8-o‘rinda

Gap Jahon bankining “Doing business” yillik hisoboti yakuni haqida bormoqda. Unda Adliya vazirligi va Davlat xizmatlari agentligi mas’ul bo‘lgan “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning 190 ta davlatlari ichida 8-o‘rinni egallab, O‘zbekiston birinchi bor kuchli o‘nlikka kirdi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari kafolatlarini mustahkamlash, chet el investitsiyalarini faol jalb etish va investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

 

Bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi

O‘tgan davrga nazar tashlaydigan bo‘lsak, xususan, mustaqillikning dastlabki yillarida korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 10 kungacha muddatda amalga oshirilib, 7 turdagi hujjatlar talab qilingan. Tadbirkor hali ish boshlamasdan turib, hujjatlarni tayyorlash va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun biroz vaqt hamda ortiqcha mablag‘ sarf qilishiga to‘g‘ri kelardi. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari yagona davlat reyestridan ma’lumotlar berilganligi uchun undiriladigan davlat bojlari va yig‘imlar stavkalari ham ancha yuqori edi.

Jumladan, avvalgi tartibga ko‘ra davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik uchun xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalardan – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, shuningdek, 500 AQSh dollari miqdorida davlat boji to‘lanishi belgilangan edi. Keyinchalik bu tartibga o‘zgartirish kiritilib, tadbirkorlik sub’yektining o‘zi kelib topshirganda bazaviy hisoblash miqdorining 32 baravari, internet orqali ro‘yxatdan o‘tganda esa 16 baravar etib belgilandi.

 

Biznes muhitini yanada yaxshilash yo‘lidagi harakatlar

Hukumatimiz tomonidan ayni shu jihatlar alohida e’tiborga olinib, rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari o‘rganildi va ushbu yo‘nalishda qator qonun hujjatlariga qo‘shimcha hamda o‘zgartirishlar kiritildi.   

Bugungi kunda tadbirkorlar tomonidan davlat xizmatlarini olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirildi. 2017 yil 1 apreldan boshlab ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirildi.

Shu bilan bir qatorda, xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarning ustav fondiga bo‘lgan minimal talablar kamaytirilib,
600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha pasaytirildi. Qolaversa, xorijiy ishtirokchining faqat yuridik shaxs bo‘lishiga doir talab bekor qilinib, ularning ulushi 30 foizdan 15 foizga kamaytirildi.

 

10 ta yo‘nalish orqali imkoniyatlar yanada kengaytirildi

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash bilan bog‘liq Prezidentimiz qarorida O‘zbekistonda biznes muhitini yaxshilash borasida qator yengilliklar yaratish nazarda tutilgan. Asosiysi, ushbu qaror bilan qator byurokratik tartiblar bekor qilindi. Elektron hujjat almashinuviga keng yo‘l qo‘yilib, hissadorlar huquqlari himoya qilinmoqda.

Endilikda respublikamizning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat xizmatlari markazlarida nafaqat yuridik, balki jismoniy shaxslarga tezkor, qulay va shaffof tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.   

Bu borada Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi va uning tuman (shahar) markazlarida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, markazlar tomonidan 2018 yilda aholiga
478 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, xizmat turlari ortganligi hisobiga joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida ushbu ko‘rsatkich
820 mingtani tashkil etdi.

Markazlar tomonidan 2019 yilning o‘tgan davr mobaynida 23088 ta tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

 Xorijiy investorlar uchun viza rejimi soddalashtirildi

2019 yil 1 martdan xorijiy investorlarga soddalashtirilgan viza rejimi tashkil etildi. Endilikda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari (ishtirokchilari) va ularning oila a’zolari uchun muddatini mamlakatdan chiqmasdan uzaytirish imkoniyati bilan amal qilish muddati uch yilni tashkil qiladigan “investitsiya vizasi” joriy etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida  tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha  3 million AQSh dollaridan ortiq miqdorda investitsiya kiritgan xorijiy davlatlar fuqarolariga, shu jumladan xorijiy  investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning ta’sischilari (ishtirokchilari)ga  O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi soddalashtirilgan tartibda 10 yil muddatga beriladi.

Tadbirkorlar bank hisobraqamini onlayn tarzda ochishi mumkin

Joriy yilning mart oyidan boshlab tadbirkorlar uchun bank hisob raqamini masofadan turib ochish imkoniyati yaratildi. Bunda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar o‘ziga ma’qul bankni tanlaydi va
5 daqiqa ichida bank hisob raqamini ochadi. Buning ikki usuli, ya’ni davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurish yoki fo.birdarcha.uz orqali elektron xizmatdan foydalanish mumkin.

 

Eksterritorial tamoyil keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi

2019 yil 1 apreldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatlarini eksterritorial tamoyil bo‘yicha olishi belgilandi. Ya’ni, fuqarolar doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’iy nazar, istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu xizmat barcha xizmat turlari uchun tashkil etilgan.

Masalan, respublikamizning istalgan shahrida faoliyat yuritishni maqsad qilgan tadbirkor o‘z yashash hududidagi markazlardan turib ham ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ular faqat firmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasiga tatbiq etilmaydi.

 

Masofadan turib oldindan navbatga yozilish mumkin

Joriy yilning 1 noyabridan yuridik va jismoniy shaxslarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Oldindan navbatga yozilish” funksiyasining ishga tushirilishi fuqarolarga DXMga tashrif buyurish uchun mos keladigan kun va vaqtni oldindan tanlash imkoniyatini beradi.           

Navbatda joyni bronlash uchun www.davxizmat.uz saytiga kirib, o‘zi joylashgan joyni belgilash kifoya. Ushbu tizimning yana bir o‘ziga xos jihatlaridan biri esa xizmatdan foydalangan fuqarolarimizga avtomatik tarzda o‘zi yashaydigan hududga yaqin joylashgan DXMni taklif qilishidir. Murojaatchi shu yaqin orada faoliyat ko‘rsatayotgan markazni tanlab, zarur xizmatni belgilaydi va raqamli navbat chiptasi shakllantiriladi.  

Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning barchasi fuqarolarimiz hamda tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga, aholining davlatga nisbatan ishonchini oshirishga, «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan ezgu g‘oyani hayotga joriy etishga ko‘maklashadi.

M.QURBONOV,  

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i.