Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston xalq artisti Rajab Adashev: «Fojia va kulgi falsafasi hamisha yonma-yon»

O‘zbekiston xalq artisti Rajab Adashev… Siz o‘zbek kino san’ati klassigi, betakror san’atkorni «Nashtar» hajviy jurnali, «Oy borib, omon qayt!», «Buyruq, o‘t ochilmasin!», «Abdullajon», «Kichkina tabib» kabi filmlardagi rollari orqali yaxshi taniysiz.

Rajab aka talqin qilgan obrazlar o‘ziga o‘xshaydi. U obraz yaratmaydi, balki qahramonining dunyosida yashaydi. Shuning uchun ham filmlardagi badiiy obrazlar tomoshabin nazdida hayotiy odamlarga, kunda biz bilan yashayotgan, nafas olayotgan, tez-tez uchratib turadigan qiyofalarga aylanib ketadi. Uning obrazlarida tabiiylik bor, samimiylik bor, soddalik bor. Shuning uchun ham biz uning rol o‘ynayotganini sezmaymiz. Mana shuni haqiqiy iste’dod, haqiqiy mahorat, haqiqiy professionallik desa bo‘ladi.

Biz Rajab Adashev bilan o‘zbek kinosi, rollar ijrosi, ijodkorning siz bilmagan jihatlari va albatta, Vatan, tug‘ilgan joyi xotiralari haqida suhbatlashdik.

- Rajab aka, vaqtingiz tig‘iz bo‘lsa-da suhbatlashishga rozilik bildirganingiz uchun tashakkur. Bugungi muloqotimizda asosan, sizning qadim va hamisha navqiron Samarqand bilan bog‘liq xotiralaringizga to‘xtalsak. Yurtdoshlarimizga ham, shu zaminda tavallud topib, umrining ko‘p qismi Toshkenti azimda o‘tayotgan mashhur san’atkorning so‘zlari qiziq, albatta.

- Men Urgut tumanida tavallud topganman. 1964 yilgacha Urgut tumani va Samarqand shaharlarida yashaganman. O‘sha kezlari qadim va navqiron bu shaharda istiqomat qiladigan qarindoshlarnikida ko‘p mehmon bo‘lardim. Samarqand bilan bog‘liq juda ko‘p voqealar bo‘lib o‘tgan, ancha-muncha sarguzashtlarni boshimdan kechirganman.

- Shaharga birinchi borgan paytlaringizni eslay olasizmi?

- Yodimda. Ilk marta Samarqand tumanida joylashgan kasalxonaga yo otam, yo pochcham bilan borib, suyak tuberkulyozi kasalligi tufayli davolanayotgan Begali akamni ko‘rgani poyu-piyoda, Registondan «Selskiy»gacha yayov borganmiz.

Ikkinchi marta onam bilan borganman. Mening xotiram kuchli ekanmi – o‘sha kasalxonani adashmay topib borganmiz. Piyoda, albatta!

- Shahar Sizda qanday taassurot qoldirgan?

- Mana shu borishlarimizda shaharni yo‘l-yo‘lakay tomosha qilganman. «Esingda aniq saqlab qolgan ekansan, yasha», deb onam xursand bo‘lib maqtaganlar. Boshqa gal shaharni bemalol tomosha qilganman. Mirzo Ulug‘bek madrasasi minorasining og‘ayotganini ko‘rib hayratlanganman – u trosslar bilan bog‘lab qo‘yilgan edi, shundan so‘ng ichimdan hazin bir nido chiqqan.

U paytlar Samarqandga kattalar bilan borardik. Ular menga Samarqand haqida, Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Afrosiyob tepaliklari, Bibixonim majmuasi, Amir Temur maqbarasi haqida, umuman, shahar tarixi to‘g‘risida gapirib berishmagan. Chunki kattalar o‘z yumushlarini bajarib bo‘lgach, yana Urgutga qaytar edik.

Keyinroq Registon yonida joylashgan maktabdagi havaskor rassomlar to‘garagiga qatnashganman, rasm chizardim-da men ham.

- O‘sha safarlar chog‘ida biror qiziqarli, esda qoladigan voqealar ham bo‘lganmi?

- Albatta, bo‘lgan. Bir gal men onam bilan, 10-12 yoshlarda edim adashmasam, Samarqand shahrida yashaydigan qarindoshlarimiznikiga mehmonga borganmiz. Eshik yaqinidan tramvay yurardi. Ana shu yerda kulgili, ta’bir joiz bo‘lsa, ahmoqona voqea yuz bergan. O‘shanda men tramvay yo‘lining iziga bo‘sh konserva qutisini qo‘yib, nima bo‘larkan, deb yonma-yon poylab o‘tiruvdim. Bir mahal kimdir yuzimga tarsaki tortib yubordi. Keyin anglasam, tramvay yonimda to‘xtab, konduktori tushib meni chetga haydagan ekan. Bolalik-da, bosib ketadiyam demabman, azbaroyi qiziqishdan shu ko‘yga tushibman!

- Ko‘plab filmlarda harbiylar rolini ijro etgansiz? Harbiy xizmatdagi paytlaringiz qanday o‘tgan?

- Hozir qanaqa bilmadim, u paytlarda armiyaga olib ketish ham Samarqandda hal bo‘lardi. Ikki-uch marta kelib komissiyadan o‘tganmiz. O‘shanda meni armiyadan qoldiradigan bo‘lishdi. Sababi, onamga qaraydigan boshqa odam yo‘qligi ekan. Men bolalarcha quvonib, ura, deyman. Yurak hovuchlayman, deng. Hozir o‘sha paytdagi hayajonlarimni ifodalab bera olmayman. Yo‘q, to‘g‘risini aytganda, u vaqtlarda onam yolg‘iz qoladimi, degan o‘y-xayollardan uzoqda edim (taqdir hazilining qarangki, men «O‘zbekfilm» aktyori bo‘lgach, qariyb 1972 yilgacha, ya’ni uylangunimcha, onam baribir yolg‘iz qoldilar. Bu paytda onamdan opalarim, jiyanlarim xabar olib turishdi).

- Kino san’atiga kirib kelishingiz qanday kechgan?

- 1964 yilda, «O‘zbekfilm» e’lon qilgan tanlovda qatnashish uchun Samarqand shahriga kelib, rasmga tushganman. Urgutdayam bir koreys fotografiga Toshkentga jo‘nataman, deb undayam rasmga tushganman. Toshkentga jo‘nash Samarqand vokzalidan bo‘lar edi. Toshkentga chipta olib, poyezdga chiqib, bo‘sh joyga o‘tirdim-da, quvonchimni ichimga sig‘dirolmay yo‘lovchilarga gap otdim:

«Toshkentga soat nechada borar ekanmiz?»

Kimdir: «Siz Toshkentga borasizmi?», deb so‘radi.

«Ha!», dedim.

«Bu Dushanbe shahriga boradigan poyezd, Toshkentniki uchinchi yo‘lda edi», dedi. Poyezd derazasidan tashqariga qarasam, tezlashyapti. Birdan o‘zimni eshikka urdim va yurib ketayotgan poyezddan sakrab tushib qoldim. O‘sha paytda yuragim baquvvat, yosh, jur’atli ekanman-da. Yaqin yillarda shu holatni eslasam, rasti, yuragim orqaga tortib ketadi…

Samarqand vokzali ... Yana bir hangoma. Bu 1974-75 yillarda ro‘y bergan. Yengilgina sumka bilan Urgutdan kelib, poyezdga chipta olib, to poyezd kelgunicha zalda o‘tiray deb kirsam, urgutlik tog‘amni uchratib qoldim. Gaplashdik. Keyin men chiqib, qaytib kelsam, tog‘a o‘tiribdilar-u, sumkam yo‘q. O‘g‘irlab ketishibdi. Ichida ikkita uy noni, mayda-chuyda-yu, Toshkentdagi ijara uyning kaliti bor edi. Tog‘am sumkamga tirsak qo‘yib pinakka ketgan ekanmi, o‘g‘rilar «shimo» qilishibdi. Afsusdan ne foyda?

Ana shunaqa.

Aktyorlik kasbim orqali keyinroq, Samarqand tarixi bilan yuzlashdim, chuqurroq o‘rgandim. Taassurotlarim ko‘p seriyali. Men ana shunday jahon sayqali bo‘lmish Samarqandda tug‘ilib, ulg‘ayganimdan baxtliman.

Azizlar! Samarqandni ehtiyot qilingiz, bu zamin – muqaddas yurt! Ko‘z tegmasin!

 

Qisqa savollarga qisqa javoblar

- Urgutning qaysi mahallasida tavallud topgansiz?

- Qamardon mahallasida.

- Ajdodlaringiz orasida san’atkorlar bo‘lganmi?

- Otam Adash polvon masxaraboz bo‘lgan.

- Turmush o‘rtog‘ingiz qaysi soha vakili?

- O‘qituvchi.

- Necha nafar farzandingiz, nabiralaringiz bor?

- 2 nafar qizim, 2 nafar o‘g‘lim, 10 nafar nabiram, 1 evaram bor.

- Farzandlaringiz, nabiralaringiz orasida ham san’at yo‘lini tutganlari bormi?

- Katta nevaram opera solisti, ukasi musiqa litseyida o‘qiydi.

- Kino san’atida qaysi san’atkorlarni o‘zingizga ustoz deb bilasiz?

- Kim menga nasihat qilgan bo‘lsa, maslahatlar berib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘shalarni ustozlarim deb bilaman.

- San’atda kimlardan, nimalarni o‘rganganman, deb o‘ylaysiz?

- Artistlar, rejissyorlardan o‘rganaman.

- Nechta filmda rol o‘ynagansiz?

- 100 dan oshiq kinoda.

- San’atdan tashqari yana biror sevimli mashg‘ulotingiz bormi?

- Boshqa hunarim yo‘q.

- Internetda siz haqingizda ruschada ko‘proq, o‘zbek tilida juda kam ma’lumot borligiga guvoh bo‘ldik. Buning sababi nimada?

- Bilmadim… Harholda gazeta-jurnallarda ko‘p yozilgan.

- Xarakteringiz, dunyoqarashingiz, ijodiy tamoyil va falsafangiz nimalardan iborat?

- Taqdirimga bitilgani shu: o‘zim huzur-halovotga muhtoj bo‘lsam-da, o‘zgalarga xursandchilik ato etishim zarur. Shu mening hayotiy shiorim.

- Siz yaratgan obrazlarda ko‘pincha, fojiaviylik va kulgililik hodisalarining qorishib ketganiga guvoh bo‘lamiz. Bu natijaga qanday erishasiz?

- Fojia-komediya hamisha yonma-yon-ku!?

- Oxirgi bor qaysi kinofilmlarda rol ijro etdingiz?

- 2019 yil davomida «Tanho qayiq» va «Yetmish yashar bola » badiiy filmlarida bosh rollarni ijro etdim.

- Yosh aktyorlardan kimlarning ijodi Sizga ma’qul bo‘lyapti?

- Iste’dodli yoshlar ko‘p. Lekin ular hali ko‘p o‘qishlari, o‘rganishlari, o‘z ustida ishlashlari kerak.

Suhbatdosh: falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Lazizjon BAXRANOV.