Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda avval uchramagan hayvonlar ilk bor tuzoq kameraga tushdi

O‘zbekistonda avval uchramagan hayvonot turlari ilk bor tuzoq kamera nigohiga tushib qoldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. “Orolbo‘yida cho‘l ekotizimi yangi hayotini boshlamoqda va bu yerga avval O‘zbekistonning hech qayerida qayd qilinmagan yangi hayvonot turlari uchramoqda. Ustyurt sahrosidagi “Saygachiy” majmua landshaft qo‘riqxonasi hududlarida qurilgan tuzoq kameralarga O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan g‘aroyib hayvonlar va qushlar tushib qolgan.

Markaziy Osiyo cho‘l tashabbusi (CADI) loyihasi eksperti, biologiya fanlari nomzodi Natalya Marmazinskaya o‘zining feysbukdagi sahifasida ulashgan ma’lumotga ko‘ra, Markaziy Osiyo cho‘l tashabbusi (CADI) loyihasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan dala tadqiqot ishlarida O‘zbekistonda kam uchraydigan hayvonot turlarining Ustyurtda paydo bo‘lganiga guvoh bo‘lgan.

O‘zbekiston uchun yangi tur – oddiy lazorevka (Cyanistes caeruleus) qushini aynan Ustyurtda suratga olishga muvaffaq bo‘lgan.

“Bu qush Yevropa uchun odatiy bo‘lgan qush turi. Lekin O‘zbekistonda avval hech qayerda qayd etilmagan. Ushbu topilmalar O‘rta Osiyo cho‘l ekotizimlarining flora va faunaning turli vakillari hayoti uchun ahamiyatli ekanligini anglatadi”, deydi u.

Loyihada 2019 yil aprel oyida “Saygachiy” majmua landshaft qo‘riqxonasi va Qo‘ng‘irot davlat o‘rmon va ovchilik xo‘jaligi hududida dala tadqiqot ishlari o‘tkazilgan va natijaga ko‘ra, biologik xilma-xillik darajasi yuqori bo‘lgan hududlar aniqlangan, ekotizimlar va turlarning hozirgi holati to‘g‘risida ma’lumotlar olingan.

2019 yil noyabr oyi boshida loyiha guruhi “Saygachiy“ majmua landshaft qo‘riqxonasi inspektorlari bilan birgalikda Ustyurtda ushbu qo‘riqxonaga qarashli asosiy landshaftlari bo‘lgan Duana, Jideli, Almambet, Churuk, Beleuli hududlarida 10 ta kamera o‘rnatdilar. Kamera tuzoqlari ishining dastlabki natijalari 8 turni tashkil etdi. Ulardan 2 turi (turkman karakali va korsak) O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.