Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan 7 nafar bemorning ahvoli og‘ir, 3 nafari o‘rta og‘irligicha qolmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov quyidagilarni ma’lum qildi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 555 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 99 bemorning 25 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti, 7 nafarining ahvoli og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 88 bemordan 3 nafarining ahvoli o‘rta og‘irlikda, deb baholanyapti.

Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashgan kundan bugungi kunga qadar 70 mingdan ziyod, jumladan, kechaning o‘zida 90 mingdan ko‘proq aholi koronavirus kasalligiga laboratoriya usullarida tekshirildi, 35 holatda kasallik aniqlandi.

Alohidalangan va tibbiy kuzatuv ostiga olingan 86 mingdan ko‘proq aholi orasida kasallik aniqlanishi davom etyapti. Demak, har birimiz sergak bo‘lishimiz, epidemiyaga qarshi talablarga to‘liq rioya etishimiz, karantin tadbirlariga amal qilib, uyda qolishimiz kerak.

Epidemik vaziyatning barqarorlashuvi yoki murakkablashishi har birimizga bog‘liq holatdir. Siz esa uyda qolib, epidemik vaziyat barqarorlashuviga o‘z hissangizni qo‘shasiz va tibbiyot xodimlari tomonidan berilayotgan tavsiyalarga to‘liq amal qilasiz, degan umiddamiz.