Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekning soddadil va soddatil shoiri edi

Sarlavhani o‘qiboq ta’rif kimga tegishli ekanini angladingiz. Ha, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf o‘z asarlari bilan xalqning dardini, ulusning qalbidagi aytimlarini xalqona, oddiy va sodda misralarda ifoda etib, soddalik nafaqat go‘zallik, balki ta’sirchanlik, mehrlilik, dildoshlik ekanini isbotlab bergan edi.

Xalqimizning ardoqli shoiri hayot bo‘lganida 66 yoshini nishonlagan bo‘lar edi. Umri qisqa ekan, lekin u ijodi, betakror she’riy misralari bilan minglab muxlislari qalbida yashamoqda.

Adabiyotning, she’riyatning asosiy quroli so‘zdan qachon, qay holda, qay maqsadda va qay tariqa foydalanishiga bog‘liq. Muhammad Yusuf ijodiga e’tibor qaratsak, shoir asarlarining umrboqiyligi, o‘quvchi qalbiga hamohangligi, ruhiy va hissiy yaqinligi, ohangi va ritmikasining xalqonaligi, badiiy manzaralarni ko‘z oldimizda gavdalantira olishi - bularning barchasiga sabab oddiy so‘zdan o‘rinli va unumli foydalanishidadir.

Muhammad Yusuf she’rlarida jimjimadorlikni, emotsional bo‘yoqdor so‘zlarni, murakkab o‘xshatmalaru balandparvoz ifodalarni uchratmaymiz, oddiy kitobxonga tushunarsiz so‘z va jumlalarga duch kelmaymiz. Balki oddiy, sodda, odmigina, xalqona so‘zlar vositasida eng yuksak tuyg‘ularning ifodasini o‘qiymiz va o‘sha zahoti ushbu so‘zlar qalbimizga jo bo‘ladi.

Muhammad Yusuf shunday yozadi:

Sen shoxlari osmonlarga tegib turgan chinorim,

Ota desam, o‘g‘lim deb, bosh egib turgan chinorim.

Ko‘nglimdagi iftixorim, qo‘ynimdagi tumorim,

O‘zing mening ulug‘lardan ulug‘imsan, Vatanim!

Vatan osmon qadar buyuk, chinor qadar ulkan va barhayot, millatimiz tarixiday boqiy, u bizning iftixorimiz, eng ulug‘ va mo‘’tabar go‘sha. Ko‘rinib turibdiki, shoir ishlatgan soddagina so‘zlar, oddiygina o‘xshatishlar Vatan haqida samimiy tasavvurni hosil qiladi. Boshqa o‘rinlarda "O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga, Rimni alishmasman bedapoyangga!", "O‘lsam ham har kun bir go‘rimdan turib, Nechun qulluq qilmay Andijonga men!.." kabi misralarni uchratish mumkinki, bular she’r yozish uchun to‘qilgan satrlar bo‘lmasdan, Muhammad Yusufning Vatan haqidagi tabiiy aytimlari bo‘lib, ular she’rga aylanib qolgan.

Shoir ijodidagi obraz va detallarga e’tibor bersak ham ular oddiy turmush tarzimizda uchraydigan narsa va hodisotlar ekaniga diqqatimiz jalb bo‘ladi. Lekin o‘sha kichkinagina element she’rda juda katta ma’no ifodalaydi, mazmun tashiydi: yalpiz, rayhon, lolaqizg‘aldoq, kapalak, do‘ppi, qora qumg‘on, tuproq, paxsa devor, loysuvoq uy... Muhammad Yusuf haqida gap ketganda, ko‘pincha uni Vatan haqida eng yaxshi she’rlar yozgan shoirlardan biri deb e’tirof etishadi. Haqiqatan ham shunday. Shoirning Vatan taftini, millatning ruhi, o‘zbekning qadriyatlari, xalqimizning urf-odatlari, udum va an’analarini, millatimiz ruhiyatini aks ettirmagan birorta she’ri yo‘q. Muhammad Yusuf she’rlaridagi sodda va samimiylik uning turmush tarzidagi tabiiy hayotiy o‘zandan suv ichgan. Shuning uchun shoir she’rlariga, she’rlari esa shoirga o‘xshaydi.

Shoir she’rlaridan birini "Sodda Muhammadman, sodda Muhammad" deb boshlaydi. Ha, haqiqatan u sodda va samimiy, manmanlik va amalparastlikdan yiroq, unvon va mansabni quvmaydigan, kamtar, to‘g‘riso‘z, halol, adolatli, bir so‘zli, soddadil va soddatil shoir edi.

Mendan nima qolar:

Ikki misra she’r.

Ikki sandiq kitob

Bir uyum tuproq.

Darhaqiqat, kamtar shoirdan qolgan "ikki misra she’r" bugungi kunda o‘zbek she’riyatining gultoji bo‘lib, xalqimizni vatanparvarlik, yurtga muhabbat ruhida tarbiyalamoqda. Undan qolgan "ikki sandiq kitob" - oltin sandiq bo‘lib, nazm gulshanining eng qimmatbaho va xushbo‘y ifor taratuvchi mulki, ko‘ngil "dard"iga ma’naviy malham bo‘luvchi shifo vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. "Bir uyum tuproq" esa Vatanning hidini, taftini, tarovatini ifoda etuvchi to‘tiyo bo‘lib, yurtdoshlarimizni kindik qoni to‘kilgan muqaddas zaminga bo‘lgan muhabbatini ulg‘aytirmoqda.

Ma’murjon SAIDXONOV,

Andijon davlat universiteti dotsenti.