Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Past Darg‘omda paxta yig‘im-terimi boshlandi

Paxta xomashyosini nest-nobud qilmasdan, yog‘ingarchilik kunlarga qoldirmay yig‘ishtirib olish mas’uliyatli vazifa sanaladi. Past Darg‘om tumani dalalarida pishib yetilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlari bugundan boshlandi.

Joriy yilda tumanda 311 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 16 ming 949 gektar maydonga chigit qadalib, paxtakorlar tomonidan mo‘l hosil olish uchun zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar asosida parvarish qilindi. Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida tumanda 373 ta terim otryadi tashkil qilinib, ularga 30 mingga yaqin terimchi jalb etildi. Terimga jalb etilayotganlar klaster va fermer xo‘jaliklari ishchilari hamda ko‘ngillilardan iborat.

Birinchi paxta karvoni tumandagi klaster usulida g‘o‘za parvarishlagan “Samarqand kamalak invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli qabul punktiga keldi.

Pastdarg‘omliklar  bu yil 45 ming tonnaga yaqin paxta xomashyosini yig‘ib olib, qabul punktlariga topshirishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun zarur sharoit yaratilgan, hosilni tashish uchun yetarli texnika vositalari shay holatga keltirilgan.

“Bobur” muqobil mashina traktor parki hududida joylashgan “Rahimjon Xurshid Eldor bog‘i” fermer xo‘jaligi joriy yilda 27 gektar maydonda g‘o‘zaning “Omad” navini parvarishlab, mo‘l hosil yetishtirdi. Ayni paytda yetishtirilgan hosil terib olinmoqda. Fermer xo‘jaligi joriy yil o‘rtacha hosildorlikni 55 sentnerga yetkazishni maqsad qilgan.