Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Paxtachi tumani hokimi Muzaffar Hamdamov: O‘zgarayotgan tumanimiz bu yil viloyatda kuchli beshlikka kiradi

Samarqandning eng olis hududlaridan biri Paxtachi tumani markazi – Ziyovuddin shaharchasida 2019 yilda “Obod markaz” dasturi asosida qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari boshlangan edi. Ayni paytda ham bu jarayon davom etmoqda. Ushbu yo‘nalishda shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar, umuman, tumandagi keyingi yangilik va o‘zgarishlar, rejalar haqida tuman hokimi Muzaffar Hamdamov bilan suhbatlashdik.

– Paxtachi – viloyatimizning eng chekka tumanlaridan, Samarqandga kirish darvozalaridan biri hisoblanadi. Tumanda 150 mingga yaqin aholi yashaydi. Shu paytgacha viloyat tashkilotlarida rahbarlik vazifalarida ishlagan bo‘lsam-da, tumanning bu qadar katta iqtisodiy salohiyati, boy resurslarga ega ekanligi, muhimi, paxtachiliklarning bu qadar mehnatkash, bir so‘zli va bunyodkorligini yaxshi bilmas ekanman. Qariyb bir yildan buyon tuman xalqi bilan hamjihatlikda ishlab angladimki, bu yerda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, odamlarni safarbar qilib ish olib borilsa, hududni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish mumkin ekan.

Birgina, Qarnabota va Qizbuvi tog‘laridagi qazilma boyliklari o‘zlashtirilsa, qurilish materiallari ishlab chiqarish kengaytirilsa, shuning o‘zi tuman iqtisodiga juda katta foyda keltiradi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

– Tumandagi faoliyatingiz “Obod markaz” dasturini amalga oshirishga to‘g‘ri keldi. Yangi rahbar uchun bu og‘ir emasmikan?..

– Buning qulay va murakkab tomonlari bo‘ldi, albatta. Qulayligi, yuqorida aytdim-ku, tumanning mard va tanti kishilari bilan ishni bunyodkorlik, obodonlashtirishdan boshladik. Murakkabligi esa tumanni hali yaxshi bilmay turib, qayerda, nimani qurish, “snos” masalalarida biroz qiynaldik. Viloyat hokimligi, viloyat tashkilotlari va asosiysi, tuman xalqi qo‘llab-quvvatladi, yordam berdi va o‘tgan yil dasturda belgilangan ishlarning salmoqli qismini amalga oshirdik. Avvalo, tuman markazida ichimlik suvi, oqava, yo‘l va kommunikatsiya tizimi yangilandi. 21 kilometr yo‘l asfalt qilindi, shuncha masofada oqava tarmog‘i tortildi. Bu yil 16,5 milliard so‘mlik loyiha asosida oqavani qayta ishlash majmuasi qurilmoqda. Joriy yil avgust oyida ishga tushadigan mazkur ob’yektda 35 kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, barcha qulayliklarga ega tuman davlat xizmatlari markazi, 40 ming kitob fondiga ega intellektual kutubxona, bandlikka ko‘maklashish markazi uchun yangi bino qurildi. Tuman hokimligi, ichki ishlar bo‘limi, banklar va boshqa ma’muriy binolar ham bugungi kun talabidan kelib chiqib, rekonstruksiya qilindi, kapital ta’mirlandi. Hozirda dastur bo‘yicha Yoshlar markazi, ko‘p tarmoqli poliklinika, tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, davlat sanitariya-epidemilogik osoyishtalik markazi, “Paxtachi” gazetasi tahririyati, prokuratura uchun yangi binolar qurilmoqda. Tuman dehqon bozoridagi bo‘sh turgan yerda 38 ta savdo do‘konlari tashkil etilyapti. Tumanimiz faxri bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi qahramoni Qudrat Suyunov xotira bog‘i va unga tutash muzey rekonstruksiya qilinmoqda. Xotira va qadrlash kuni arafasida ushbu maydon va muzey yangicha ko‘rinishda xalqimizga tuhfa etiladi. Bundan tashqari, yoshlar bog‘i, bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘yingohi, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarlarida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari ham yaqin oylarda yakuniga yetadi.

Markazda haligacha mavjud bo‘lgan “barak” uylar buzilib, ularning o‘rnida ikkita zamonaviy qo‘p qavatli uy qurilmoqda. Bu uylar yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Tuman markaziga keladigan katta yo‘l kengaytirilishi munosabati bilan ko‘cha yoqasidagi 37 ta aholi xonadoni “snos”ga tushgan edi. Buning uchun ushbu xonadon egalariga pul mablag‘lari to‘lab berildi va ular ayni paytda qurilish ishlarini olib bormoqda.

– Bunchalik keng ko‘lamdagi ishlarni bajarish albatta, mablag‘ga bog‘liq...

– Nima demoqchi ekanligingizni tushundim. O‘tgan yil tuman mahalliy byudjeti rejasini 118 foizga bajardik va 16 milliard so‘m ortiqcha topilgan mablag‘ni “Obod markaz” va “Obod qishloq” dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirdik. Viloyat mahalliy byudjetidan ham katta mablag‘ ajratib berildi. Yuqorida qayd etganimdek, respublika, viloyat tashkilotlari ham qurilish ishlarini moliyalashtirishga yaqindan ko‘mak bermoqda. Ko‘pchilikning madadi bilan tumanimiz markazi bu yil viloyatimizdagi eng ko‘rkam shaharchalardan biriga aylanishi, shubhasiz.

– Tuman markazida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zga ko‘rinarli, albatta. Lekin olis qishloqlar-chi, Paxtachida aholi turmush darajasini oshirish kerak bo‘lgan qishloqlar ham kam emas?..

– To‘g‘ri, qishloqlarimizda muammolar ko‘p va ularni ham bosqichma-bosqich hal etish choralarini ko‘ryapmiz. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash eng katta masalalardan biri hisoblanadi. O‘tgan yil birgina Qarnabota qishlog‘i uchun 33 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, uzoq yillik muammoga barham berildi. Bu yil esa boshqa qishloqlarimizga Damxo‘jadan 36 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilmoqda. Shuningdek, aholiga ichimlik suvi tashib berish uchun viloyat hokimiligi tomonidan qo‘shimcha yangi transport vositasi ajratildi.

O‘tgan yilning o‘zida qishloqlarimizdagi 40 kilometr yo‘l asfalt qilindi, 100 kilometr tuproq yo‘l shag‘al yo‘lga aylantirildi. Joriy yil bu kabi ishlar Burqut, To‘g‘olon, Yobu, Quvondiq mahallalarida olib borilmoqda.

– Aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish ko‘p jihatdan tuman iqtisodiyotining mustahkamligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga bog‘liq. Bu borada tumanda qanday ishlar olib borilmoqda?

– Albatta, so‘zimning avvalida aytganimdek, Paxtachi iqtisodiyotini rivojlantirish uchun tumanda imkoniyat va salohiyat yetarli. Gap bu imkoniyatlardan foydalanishda.

Ayni paytda tumanimizda 583 xo‘jalik sub’yekti, jumladan, 86 ta ishlab chiqarish korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu korxonalar asosan, qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Lekin endi avvalgidek, faqatgina ohak, gips tayyorlash, toshni maydalash bilan cheklanmasligimiz kerak. Ana shu oddiy toshdan bir necha xil zamonaviy qurilish materiallari tayyorlash mumkin. Buning uchun ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishimiz lozim. Shu maqsadda bir qator xorijiy kompaniyalar, investorlar bilan kelishuvlarga erishdik va hamkorlikda qo‘shma korxonalar tashkil etmoqchimiz. Bu yil tumanimizga 12 million dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, biz bu ko‘rsatkichni oshirish imkoniyatiga egamiz. Birgina, Shveysariyaning “Parisa” firmasi bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan loyihani amalga oshirish uchun 450 million dollarlik memorandum imzolaganmiz. 31 mart kuni ushbu loyihani moliyalashtirish boshlandi va 1 milliard so‘m mablag‘ kelib tushdi va ishlar boshlandi. Loyiha amalga oshishi bilan 1200 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Viloyat hokimi tashabbusi bilan yana bir yirik loyiha – 37,5 gektar yer maydonida Turkiya texnologiyasi asosida zamonaviy issiqxona kompleksi qurilishi bo‘yicha xorijlik hamkorlar bilan ishlarni boshladik. 12 million dollar investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan bu loyiha ham tuman iqtisodi uchun yaxshi natija beradi.

Tumanimizdagi uchinchi sektor huddudida – Amirobodda esa “Baxt tekstil” korxonasi tomonidan tikuv fabrikasi qurilishi boshlandi. Tadbirkorning 5 milliard so‘m o‘z mablag‘i, 10 milliard so‘m bank krediti hamda 300 ming dollar xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshiriladigan mazkur loyiha 630 kishini doimiy ish bilan ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Xuddi shunday korxona yil yakunigacha Sultonobodda ham tashkil etiladi.

Bu yil chorvachilik bo‘yicha ham 2 ta yirik loyihamiz bor. Ushbu loyihalar asosida xorijdan ming bosh zotdor qoramol keltirilib, sut va go‘sht yo‘nalishida faoliyat olib boriladi. Jumladan, “Shukur chorva invest” korxonasi Germaniyadan 300 bosh qoramol keltirmoqda. Shu tadbirkorimizning o‘zi 1 million dollar mablag‘ sarflab, sutni qayta ishlash korxonasi quryapti. “Paxtachi rodnik” korxonasi faoliyatini tiklashi natijasida bu yerda 145 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Sanasak, bunday loyihalarimiz ko‘p. Oldimizdagi maqsad va rejalar ham katta. Agar ularni to‘liq amalga oshira olsak, Paxtachi viloyatimiz tumanlari orasida kuchli beshlikka kiradi. Buning uchun tumanda imkoniyat ham, salohiyat ham yetarli.

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.

 ***

Shu va boshqa savollarga yuqoridagi videolavhada javob olishingiz mumkin.