Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payariq tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining sobiq boshlig‘iga “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi

Payariq tumani prokurori tomonidan 2019 yil 30 oktyabr kuni tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi rahbari hamda boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borildi.

Dastlabki tergov hujjatlariga ko‘ra, 1984 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan Z.T. 2018 yil 10 avgustdan 2019 yil 30 aprelga qadar Payariq tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash hamda mansab soxtakorligi jinoyatlarini sodir qilgan.

Jumladan, u fuqarolar tomonidan fermer xo‘jaliklarining 323,3 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, 8,692 kvadrat metrda qurilish amalga oshirilgani, 627,7 gektar yerda noqonuniy ravishda ko‘p yillik bog‘lar barpo etilganligini anglagan holda, xizmat mavqeiga sovuqqonlik bilan qarab, ushbu noqonuniy holatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan.

Shuningdek, Payariq tumanida 2019 yil hosilidan davlatga paxta xom-ashyosi sotish hajmlarida qonunga zid ravishda 13 ta fermer xo‘jalik yerlarida asossiz ravishda chigit ekinlari “joylashtirgan”.

Bulardan tashqari, Z.T. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 aprelda qabul qilingan “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 461-sonli qarori talablariga zid ravishda harakat qilgan. Ya’ni, farmon qabul qilingan kundan so‘ng 41 nafar fuqaro tomonidan fermer xo‘jaliklarining 2,46 kvadrat metr maydonida qurilish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa-da, bu fuqarolarga qonun talablari asosida qurilish qilganligi haqida ijobiy (soxta) xulosa bergan. Oqibatda bu fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan tuman hokimining qarori chiqishi va 2,46 gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqib ketishiga sababchi bo‘lgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha 2020 yil 27 mart kuni Payariq tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining sobiq boshlig‘i Z.T.ga Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati.