Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payariqdagi tibbiy ko‘rikda 10 kishining xavfsiz o‘sma bilan kasallangani aniqlandi

O‘tgan shanba kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialining bir guruh mutaxassislari Payariq tumani aholisi uchun chuqurlashtirilgan skrining ko‘rigini o‘tkazdi.

- Belimda bezga o‘xshagan bir narsa paydo bo‘ldi, - deydi 76 yoshli onaxon Oymo‘nti Ko‘bayeva. - Samarqandga ana boraman, mana boraman, deb yuruvdim. Kecha tumanimizga shahardan mutaxassislar kelayapti deb eshitib qoldim. Erta tongdan ko‘rikka qarab shoshildim. Shifokorlar chap kurak sohamda lipoma borligini aniqlashdi. Kerakli dori-darmonlarni yozib berishdi. Endi ko‘nglim biroz joyiga tushganday bo‘ldi.

- Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, onkologik kasalliklarning kelib chiqishiga, avvalo, aholining yashash tarzi o‘zgarayotgani, tibbiy savodxonlikning yetarli emasligi hamda salbiy odatlar sabab bo‘lmoqda,- deydi onkolog Sohib Uzoqov. - Tarkibida inson sog‘lig‘i uchun zararli moddalari bo‘lgan oziq-ovqat va ichimliklarni iste’mol qilish, chekish, jismoniy kam harakatlilik saratonga olib kelishi zamonaviy ilm-fanda tasdig‘ini topgan. Bugungi tibbiy ko‘rikda ishtirok etayotganlarning ko‘pchiligiga nazar soladigan bo‘lsak, ularning sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaganligini kuzatdim. Bizda bitta ishoch bor – “o‘tib ketadi...”. Qachonki, xastalik insonga qattiqroq bosim o‘tkazsagina shifokorga ko‘rinamiz. Ko‘pincha bu salbiy oqibatlarga olib kelyapti. Ko‘rik davomida to‘rt kishida onkologik kasallik bo‘yicha shubha bo‘ldi. Ularni viloyatga borishga tavsiya berdik. Yana o‘n kishida xavfsiz o‘sma kasalliklari aniqlandi.

Shu kuni 117 nafar kishi UTT vrachi, mammolog, bir necha turdagi onkolog mutaxassislar tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. O‘zlarining sog‘lig‘i bo‘yicha kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Husniddin XOLDOROV.