Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qanday hollarda fuqaroning yer uchastkasi olib qo‘yiladi va unga qay tartibda kompensatsiya to‘lanadi?

2020 yil 1 yanvardan yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berishning yangi tartibi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra:

- yer uchastkasini olib qo‘yishga zarurat tug‘ilganda birinchi navbatda hokimlik yoki investor va mulkdorlar o‘rtasida OAV ishtirokida ochiq muhokama o‘tkaziladi;

- hokimlik yoki investor tomonidan dastlabki hisob-kitoblar amalga oshiriladi, shuningdek, kompensatsiya berish uchun yetarli resurslar mavjudligi o‘rganiladi;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan yer uchastkasi olib qo‘yilishidagi foyda va xarajatlar o‘rganib chiqiladi, resurslar yetarli bo‘lganida hamda foyda va xarajatlardan ustun kelgan taqdirda yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi. Hokimliklar yer uchastkasi olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror qabul qilishga vakolatli emas;

- olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasidagi ko‘chmas mulklar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi;

- hokimlik yoki investor va mulkdorlar o‘rtasida kompensatsiya turi, miqdori va berish muddati kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi;

- hokimlik yoki investor tomonidan mulkdorlarga kompensatsiya berish ishlari amalga oshiriladi.

Kelishilgan kompensatsiya berilmaguncha ko‘chmas mulklar buzib tashlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mulkdorlarga kelishilgan kompensatsiya berilganidan so‘ng mulkdor tomonidan ko‘chmas mulk bo‘shatib beriladi.

Hokimlikning ko‘chmas mulkni buzish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bo‘yicha adliya organlaridan xulosa olinadi. Ular kompensatsiya berilganligi, uy-joylar amalda to‘liq bo‘shatilganligi va boshqa holatlarni o‘rganadi va o‘z xulosasini hokimliklarga taqdim etadi. Adliya organlarining xulosasi ijobiy bo‘lgan taqdirdagina ko‘chmas mulkni buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi.

Olib qo‘yiladigan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yektlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga kelishuv imzolanganidan so‘ng tashabbuskorning yozma rozilik xati mavjud bo‘lgan taqdirda yoki kelishuv bekor qilingan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Buzib tashlanadigan ko‘chmas mulk ob’yektini sotib olgan mulkdor mazkur nizomga muvofiq tuzilgan kelishuvdan kelib chiquvchi avvalgi mulkdorning huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.

Yer uchastkalari olib qo‘yilishi, ko‘chmas mulk ob’yektlarini buzib tashlash, fuqarolarni ko‘chirish, shuningdek, kompensatsiyalar berishda qonun talablari ijrosini nazorat qilish prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Samarqand viloyati yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi axborot xizmati.