Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qo‘llarim yo‘q, ammo tomorqamiz bor, unda ishlay olaman!

Oqdaryolik Muhammad  Sattorovning uyiga kutilmaganda bolali sigir keltirildi. Axir u hech kimga murojaat qilmagan, yordam so‘ramagandiku? Tasodifmikan, degan xayolga ham bordi, avvaliga. Yo‘q, mutasaddilar manzil aniqligini aytdi.

Gap shundaki, Oqdaryo tuman hokimi aholi turmushi bilan tanishish maqsadida mahallalarda bo‘lganida, tomorqasida oyog‘i bilan mehnat qilayotgan Muhammadjon akaga ko‘zi tushdi. Ikki qo‘li bo‘lmasa-da  ekin-tikin ishlarini bajarayotgan Muhammad akani ko‘rgan hokim shu xonadonga kirib, ularning holidan xabar oldi. Oilaning yashash tarzi, turmushi bilan qiziqdi. Muhammadjon akaga, ba’zi sog‘lom odamlar dangasaligi tufayli qilmayotgan ishi uchun rahmat aytdi.

Shu uchrashuvning ertasi kuni oilaga bir bosh sigir buzog‘i bilan berildi.

- 14 yoshimda baxtsiz hodisa tufayli ikki qo‘limdan ajralib qoldim, - deydi Tortuvli qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Muhammad Sattorov. – O‘sha yillari ota-onam hech bo‘lmasa protez qo‘ydirishga yaroqli bo‘lsin, deb ancha davolatishgan. Qolaversa, biz bir oilada yetti aka-uka katta bo‘lganmiz. Aka-ukalarim doim menga yordam berib kelishdi, ruhan dalda bo‘lishdi. Turmush o‘rtog‘im bilan ro‘zg‘or tebratib, nevaralar ulg‘aytirayapmiz, shukur. 10 sotixcha tomorqamiz bor, ro‘zg‘orga kerakli barcha sabzavotlarni shu tomorqamizda o‘zimiz yetishtiramiz. Mevali daraxtlarning bir nechtasini parvarishlaymiz. Chorvamiz yo‘q edi, mana hokimimiz bolali sigir olib keldi. To‘g‘risi, kutmaganim uchun shoshib qoldim. Ming rahmat! Murojaat qilmaganmisiz, yordam so‘ramaganmisiz, deb so‘rashdi. Nega murojaat qilishim kerak? Qo‘llarim yo‘q, ammo tomorqamiz bor, unda amallab ishlay olaman, turmush o‘rtog‘im yordam beradi. Nevaralarim ham qatorimizga kirib qoladi, Xudo xohlasa. To‘g‘ri, osonlik bilan bo‘lmaydi bu ishlar, mehnatdan tashqari mablag‘gayam ko‘p narsa bog‘liq. Lekin bu hayotda yengil yashab bo‘larmidi. Mashaqqat cheksang rohatini ko‘rasan, albatta.

Darvoqe, Muhammadjon aka yaxshigina qo‘shiq aytadi. 14 yoshida to‘satdan qo‘llaridan ajralib qolgach, cho‘ponlik qildi, mol boqdi. Qo‘shiq xirgoyi qilib, dardlarini unutdi, uylandi, farzand ulg‘aytirib, turmush tashvishlarini mardonavor yengib o‘taverdi, yillar ortda qolaverdi… Yosh paytlarida ustoz san’atkorlarning qo‘shig‘ini aytib, hatto guruh ham tuzgan, mahalladoshlarining yaxshi kunlarida xizmat qilgan paytlari bo‘lgan. Dardi bilan o‘ralashib qolmagan, hayotdan o‘z ulushini olib yashash ko‘nikmasini shakllantirgan Muhammadjon aka hozir ham san’at shaydosi, agar astoydil so‘rasangiz, albatta, klassik qo‘shiqlardan ijro etib beradi.

Gulruh MO‘MINOVA.