Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rim imperiyasi pandemiya oqibatida qulagan

Agar koronavirus uzoqqa cho‘zilsa, Yevropa ittifoqi buzilib ketishi mumkin – qator G‘arb ekspertlarining tusmoli shunday. “Mir novostey” (2020 yil, 22-son) haftanomasining yozishicha, insoniyat tarixida shunday mojaro bo‘lgan ekan.

Eramizning II asrida hali koronavirus bo‘lmagan, ammo juda ko‘p boshqa yuqumli kasalliklar kezib yurgan. Ulardan eng xatarlisi Hindiston va Xitoy hududlaridan kelgan tabiiy chechak bo‘lgan. Rimliklar uchun bu yangi kasallik bo‘lib, unga qarshi mutlaqo kurasha olishmagan, hech kimda immunitet ham bo‘lmagan. Oqibatda aholining uchdan bir qismi – 5 million kishi o‘lgan. Ammo Rim imperiyasini ushbu dahshatli kasallik emas, imperator va hokimiyatni qamrab olgan tanglik, boshbodoqlik, aholining sarosimaga tushishi halok qilgan. Natijada, jahonning iqtisodiyoti eng gullab yashnagan qudratli imperiyasini qulashga mahkum etgan.

Rim imperiyasining gullab yashnashi tarixda yuksak harbiy va madaniy sivilizatsiya – oltin asr, deb atalgan. U taxminan eramizning II asridan imperatorlar Troya va Adrian hukmdorligining oxirigacha cho‘zilgan.

Tarixiy ma’lumot: chechak epidemiyasi eng yaxshi ikki Rim imperatori –Lutsiya Vera (169 yilda vafot etgan) va uning izdoshi Mark Avreliya (180 yilda o‘lgan) umrlariga zomin bo‘lgan.

Rim tarixchisi Dion Kassiyning yozishicha, 185 yilda o‘tib ketgan kasallik 10 yildan keyin yana qaytgan va kuniga ikki mingtagacha rimliklarning yostig‘ini quritgan. Nafaqat aholi, balki Rim armiyasi ham urushdagidan battar talafot ko‘rgan. Epidemiya Rim imperiyasining iqtisodiy va siyosiy hayotiga o‘nglab bo‘lmas zarar yetkazgan. Epidemiyaga mahkum bo‘lgan aholi ochlik va qashshoqlikdan mahalliy boy yer egalarini talaganlar, imperiya yerlarida hokimiyatsizlik boshlangan. Imperatorlarning atrofidagi gumashtalar qanday qilib hokimiyatni qo‘lga olish payiga tushishgan. Natijada Mark Avreliya hukmdorligi paytidagi merosxo‘r, imperator Kommod davrida qonli fuqarolar urushi boshlangan va epidemiya bilan bir qatorda minglab odamlarga qiron keltirgan.

Mamlakat uzil-kesil boshi berk ko‘chaga kirgan. Butun III asr davomida rimliklar imperatorlarni xuddi qo‘lqopdek almashtirishgan. Bu esa imperiyaning parchalanib, uzil-kesil qulashiga olib kelgan.

Rim imperiyasi halokati haqidagi rasmiy taxminda aytilishicha, insoniyat tarixidagi eng ulug‘vor imperiya iqtisodiy muammolar tufayli tanazzulga yuz tutgan. Xatarli epidemiya xuruji paytida hokimiyatning mamlakatni boshqarishdagi uquvsizligi oqibatida imperiyada parokandalik boshlangan.

Tabiiy chechak  – uni qora chechak ham deyishadi, kelib chiqishi o‘ta yuqumli bo‘lgan xavfli virusli kasalik. Havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Og‘ir zaharlanish bilan namoyon bo‘ladi. Terida quyuq suv chechak paydo bo‘ladi, o‘rnida chuqur cho‘tirlar qoladi. Birinchi tabiiy chechak Sharq mamlakatlari – Xitoy, Koreya, Yaponiya bo‘ylab tarqalgan. Uni eramizdan uch ming yil oldin Xitoyda paydo bo‘lgani haqida ma’lumot saqlanib qolgan.

T.Shomurodov tayyorladi.