Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rossiya imperiyasi davrida Samarqand

Rossiya imperiyasi Buxoro amirligiga qarshi urush harakatlarini ikki harbiy mavsumda - 1866 va 1868 yillarda o‘tkazdi. 1866 yilda olib borilgan istilochilik bosqinlari oqibatida amirlikning O‘ratepa, Jizzax va Yangiqo‘rg‘on singari hududlari Rossiya tarkibiga kiritildi.

Rossiya hukumati yangidan bosib olingan yerlarni boshqarish va bu harakatni yana davom ettirishni muvofiqlashtirish uchun 1867 yilning 11 iyulida Turkiston general-gubernatorligini ta’sis etdi va uning rahbarligiga podsho Aleksandr II bilan aloqada bo‘lgan general K.P.Fon Kaufman tayinlandi. 1868 yilda Fon Kaufman Buxoro amirligiga qarshi urushlarga bevosita boshchilik qildi.

Manbalarda aytilishicha, Samarqand bekligining markazi Samarqand uchun Buxoro qo‘shinlari va rus askarlari o‘rtasidagi hal qiluvchi jang 1868 yil 1 mayda bo‘lib o‘tgan. Harbiy axborotlarda Samarqandning Cho‘ponota tepaligidagi jangdan so‘ng 2 mayda jangsiz egallanganligi aytiladi. Samarqand viloyatining to‘liq chor imperiyasi tarkibiga kiritilishini esa Zirabuloq jangi hal qilgan. Keyinchalik ruslar bu jangdagi g‘alabaning 25 yilligini ham tantana bilan nishonlaganlar.

1868 yil 23 iyunda Buxoro amiri Turkiston general-gubernatori Fon Kaufman bilan sulh tuzib, Rossiyaning vassaliga aylanadi. Bu sulhga ko‘ra, Buxoro amirligi o‘z mustaqilligini yo‘qotibgina qolmasdan, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on va Zarafshon daryosining yuqori qismidagi yerlardan ham ajraldi.

Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingan xududlarda ma’muriy-hududiy birlik, ya’ni markazi Samarqand bo‘lgan Zarafshon okrugi tuzildi. Uning boshlig‘i etib Aleksandr Konstantinovich Abramov tayinlandi.

Turkiston general-gubernatorligi tomonidan 1868 yilda tashkil etilgan Zarafshon okrugi dastlab Samarqand va Kattaqo‘rg‘on bo‘limlaridan iborat bo‘ldi. 1871 yilda ularga yangi ma’muriy-hududiy birlik - tog‘li tumanlar qo‘shildi. U Zarafshon daryosining yuqorisida joylashgan mayda bekliklardan tuzildi.

Turkiston general-gubernatorligini boshqarish bo‘yicha ilk dasturiy hujjatlarning ishlab chiqilishida «harbiy vaziyat» omili hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Ana shu omil Turkiston general-gubernatorining 1868 yil 29 iyunda tasdiqlangan «Zarafshon okrugini boshqarishning vaqtinchalik qoidalari»da ham o‘z aksini topdi. Hujjatning asosiy majmui K.P.Kaufmanning bevosita rahbarligida ishlab chiqildi, unda ma’muriy tizim «harbiy-xalq boshqaruvi» deb ataldi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Zarafshon okrugida ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi ikkiga: Samarqand va Kattaqo‘rg‘on bo‘limlariga bo‘lib boshqarildi. Lekin har ikkala bo‘lim ham Zarafshon okrugi general-ubernatorligiga bo‘ysundirildi.

M.Virskiyning 1872 yil uchun bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Zarafshon okrugining ma’muriy-hududiy jihatdan bo‘linib boshqarilishi quyidagicha bo‘lgan:

2.1.-jadval

Samarqand bo‘limi

Kattaqo‘rg‘on bo‘limi

Tog‘li tumanlar

Tuman, shahar, uchastka, qishloq va joy nomlari

1.Shovdor tumani.

§   Samarqand shahri (80 ta kvartal);

§   20 ta daha va 114 ta qishloq;

2.Chelak tumani.

§   7 ta daxa va 27 ta qishloq;

3.Sheroz tumani.

§   24 daha va 88 ta qishloq;

4.So‘gud tumani.

§   24 ta daha va 92 ta qishloq;

5. Ofarinkent tumani

§   20 ta daha;

§   14 ta kvartal va 115 ta qishloq;

6. Yangi qo‘rg‘on tumani

§   14 daha va 63 ta qishloq;

7. Anhor tumani

§   9 ta daha va 76 ta qishloq;

8. O‘smat-qartol tumani

§   7 ta daha va 36 ta qishloq;

9. To‘rtko‘l uchastkasi

§   5 ta daha va 32 ta qishloq;

10.Xoja-Shukur uchastkasi.

§   4 ta daha va 10 qishloq;

Samarqand bo‘limi jami 134 ta daha va 653 ta qishloqdan iborat

1.Kattaqo‘rg‘on tumani.

§  Kattaqo‘rg‘on shahri

§  13 ta uchastka

§  78 ta qishloq

2. Payshanba tumani.

§  7 ta uchastka

§  157 ta qishloq

3. Metan tumani

§  2 ta uchastka

§  51 ta qishloq

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Kattaqo‘rg‘on bo‘limi jami 22 ta uchastka, 286 ta qishloqdan iborat

1. Panjikent tumani.

§  Panjikent shahri. (14 ta kvartal)

§  1 ta daha.

2. 3 ta uchastka;

§  46 ta qishloq;

§  3 ta uchastka;

§  23 ta qishloq;

3. Urgut tumani.

§  Urgut shahri (13 ta kvartal);

§  4 ta uchastka;

§  103 ta qishloq;

4. 2 ta uchastka.

§  51 ta qishloq;

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Tog‘li tumanlar jami 12 ta uchastka va 233 ta qishloqdan iborat

 

1886 yilgi «Turkiston o‘lkasini boshqarish Nizomi»ga muvofiq, Turkiston o‘lkasining ma’muriy-hududiy bo‘linishi o‘zgartirildi. Bunda mavjud birliklarni unifikatsiyalash prinsipiga izchil rioya qilina boshlandi. Zarafshon okrugi Samarqand viloyatiga aylantirildi. Uning tarkibiga Sirdaryo viloyatining Xo‘jand va Jizzax uyezdlari o‘tkazildi va keyinchalik Samarqand viloyati Jizzax, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand va Xo‘jand uyezdlaridan tashkil topdi.

Quyida Samarqand viloyati va uning tarkibidagi uyezd (tuman), shahar va uchastkalar (jabha) nomi keltirilyapti:

2.2-jadval

Uyezdlar va ulardagi shaharlar.

Uchastkalar nomi.

1 .Samarqand uyezdi.

- Samarqand shahri.

- Panjakent shahri.

Dahbed

Urgut

Panjikent

2.Jizzax uyezdi.

- Jizzax shahri.

Bog‘don,

Yangiqo‘rg‘on

Zomin

3. Xo‘jand uyezdi.

-Xo‘jand shahri.

-O‘ratepa shahri.

Isfaniy

Savat

O‘ratepa

4.Kattaqo‘rg‘on uyezdi.

-Kattaqo‘rg‘on shahri.

Payshanba

Chelak

Jadvalda ko‘rsatilgan uchastkalar o‘z navbatida volostlarga bo‘lingan. 1897 yilda M.Virskiy bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand uyezdida 32 ta, Xo‘jand uyezdida 11 ta, Kattaqo‘rg‘on uyezdida 31 ta, Jizzax uyezdida 17 ta volostlar mavjud edi. Viloyat bo‘yicha 390 ta qishloq va 48 ta ovul jamoalari, aholi punktlari 2267 ta qishloq va 158 ta ovuldan iborat bo‘lgan.

Shunday qilib, 1886 yilgi Nizomdan so‘ng o‘lka idorasi markaziy, viloyat, tuman (uyezd), jabha (uchastka), qishloq va shahar boshqaruvi shaklida tashkil topdi. Samarqand shahri viloyat boshqaruvi qarorgohi hisoblangan.

Siyosiy boshqaruvda olib borilgan o‘zgarishlar mahalliy boshqaruvdagi tashkilot va kadrlarning shakllanishiga olib keldi. Jumladan, dastlab Zarafshon okrugida Samarqand va Kattaqo‘rg‘on bo‘limlari tashkil etilgan edi. Shu munosabat bilan chor ma’muriyati tomonidan okrug boshqaruv tizimida yangi lavozimlar tashkil etildi. Xususan, Turkiston general-gubernatorining 1869 yil 24 oktyabrdagi tasdig‘i bilan Zarafshon okrugi boshqaruvi asosan quyidagi lavozimlardan iborat bo‘ldi:

Zarafshon okrugi boshlig‘i, Zarafshon okrugi Devonxonasi boshlig‘i, Devonxona ish yurituvchisi. Bo‘limlari bo‘yicha: Samarqand bo‘limi va Kattaqo‘rg‘on bo‘limi boshlig‘i, bo‘lim yordamchilari (biri ruslardan, yana biri mahalliy aholi vakilidan) tarjimonlar va boshqa lavozimlar shular jumlasiga kirdi.

«Zarafshon okrugini boshqarishning muvaqqat qoidalari»ga ko‘ra, okrug boshlig‘i izmida harbiy, ma’muriy, politsiya va sudlov hokimiyati bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda, Zarafshon okrugi ma’muriyatiga diplomatik vazifalar ham berilgandi. Ya’ni, Zarafshon okrugi boshlig‘ining vakolatiga qo‘shni Buxoro amirligining bekliklari bilan «chegara munosabatlarini olib borish» ham kirdi.

Okrugni rus armiyasi generallaridan shaxsan podshoning o‘zi tayinlaydigan kishilar boshqargan. Zarafshon okrugi markazi hisoblangan Samarqand shahrida ham shahar boshqaruvi tarkibi quyidagi bo‘limlardan iborat bo‘lgan:

  1. Okrugda umuxalq ishlari bo‘yicha mudir va shahar arxitektori.
  2. Okrugda sug‘orish ishlari bo‘yicha mudir.
  3. Okrugdagi aksiz soliqlari bo‘yicha mudir.
  4. Shahar hokimi.

Aytish joizki, harbiylashtirilgan byurokratiya okrugdagi (keyinchalik viloyatdagi) boshqaruv tizimining barcha asosiy nuqtalarini egallagan edi. Faqat volost va qishloq darajasidagi boshqaruvni tashkil etish go‘yo mahalliy jamiyat ixtiyoriga berilgandi.

1886 yilgi «Turkiston o‘lkasini boshqarish haqidagi Nizom»dan so‘ng Zarafshon okrugi Samarqand viloyati deb o‘zgartirildi va viloyat, tuman, (uyezd), jabha (uchastka), qishloq va shahar boshqaruvi shaklida tashkil topdi.

Viloyat boshqaruvi: harbiy gubernator va viloyat boshqarmasidan iborat bo‘ldi. Samarqand viloyat boshqarmasi 3 bo‘limdan iborat bo‘lgan:

1) Farmoyish beradigan bo‘lim;

2) Xo‘jalik bo‘limi;

3) Ssuda bo‘limi.

Samarqand viloyat boshqarmasi harbiy gubernatorga bo‘ysungan. Viloyatni rus armiyasi generallaridan shaxsan podshoning o‘zi tayinlaydigan harbiy gubernatorlar boshqargan. Ular harbiy va fuqaro hokimiyatini o‘z qo‘lida tutgan. Harbiy sohada viloyatdagi qo‘shinlar (diviziya yoki korpus) qo‘mondoni, fuqaro ishlarida esa gubernator huquqiga ega bo‘lgan barcha ma’muriy, politsiya va sud hokimiyati ham ularning izmida bo‘lgan.

Ya’ni, harbiy gubernatorlarga mohiyatan diktatorlik vakolatlari berilgan edi. Bular: volost boshqaruvchilarini lavozimga tasdiqlash yoki saylovlar bekor qilingan taqdirda, ularni o‘z ixtiyoriga ko‘ra tayinlash, xalq sudyalarini va sudyalikka nomzodlarni tasdiqlash hamda ular tasdiqlanmagan taqdirda, yangi saylovlarni tayinlash, o‘z ixtiyoriga ko‘ra, uyezd ma’muriyati a’zolarini tayinlash va ishdan olish (uyezd boshlig‘i bundan mustasno bo‘lib, ular to‘g‘risida faqat general-gubernator nomiga taqdimnoma yozilardi); uyezd boshliqlari tub aholi vakillariga belgilangan jarima to‘lash yuzasidan kelgan shikoyatlarni ko‘rib chiqqan.

Shokir G‘AFFOROV,

tarix fanlari doktori, professor.
(Davomi bor)