Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ro‘zaga oid savollarga javob

Savol: kasal va musofir Ramazon oyida ro‘za tuta olmasa-da, o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib turishi kerakmi?

Javob: Ramazon kunlarida bemor bo‘lgan va safarga chiqqan kishilar ro‘zadorga o‘xshab o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib turishlari lozim bo‘lmaydi. Lekin taomlanmoqchi bo‘lsalar oshkora emas, balki odamlardan xoliroq joyda taomlanishlari afzal.

Savol: ro‘zador odam isitmalab qolsa, ukol qilish natijasida ro‘zasi ochiladimi?

Javob: hapdori (tabletka) qabul qilish bilan ro‘za ochiladi, yonboshga yoki mushakka ukol qilinsa ochilmaydi. Ro‘zani ochuvchi narsalar odatiy yo‘llardan kiradigan narsalardir (odatiy yo‘llar og‘iz, burun, quloq, va old-orqa jinsiy a’zolardir. Bundan boshqa joydan kirgan narsalar ro‘zani ochmaydi).

Savol: surma qo‘yish bilan ro‘za ochiladimi?

Javob: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zador holatlarida surma qo‘yganlar. Surmani ko‘p qo‘yish natijasida halqumida surmaning ta’mini sezsa ham ro‘za ochilmaydi.

Savol: oshqozon kasalligi bilan og‘rigan ro‘zador bemor zond yutsa bo‘ladimi?

Javob: zond quruq holatda yutilsa va qaytarib chiqarib olinsa, ro‘za ochilmaydi. Agar biror taomni ipga bog‘lab, yutsa va ipning bir uchi qo‘lida qolsa, ya’ni qaytarib chiqarib olish mumkin bo‘lsa, ro‘za ochilmaydi. Ip uzilib ketsa ro‘za ochiladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh

“Mo‘minning qalqoni” kitobidan.