Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ro‘zaning inson salomatligiga tibbiy foydalari

Tibbiy ilmiy izlanishlar natijasida ro‘zaning turli jismoniy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi aniqlandi. Jumladan:

1. Ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi qobiliyat (immunitet)ni kuchaytiradi. Chunki ro‘za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o‘n marta ko‘payishi ilmiy ravishda isbotlangan.

2. Ro‘za tutgan odamda semizlikka qarshi monelik paydo bo‘ladi. Chunki odatda semizlik g‘izoni hazm qilishdagi nuqsondan, atrof-muhitdagi nafsoniy va ijtimoiy ta’sirlar orqali kelib chiqadi.

Gohida ruhiy iztirob ham g‘izoni noto‘g‘ri ta’sir qilishga olib borishi mumkin. Ro‘za tutgan odam ruhiy, aqliy istiqrorga ega bo‘ladi. Chunki ro‘zador odam imon muhitida ko‘p ibodat, zikr, Qur’on tilovati qilib vaqt o‘tkazadi. Turli achchiqlanish, asabiylashish, urush-janjallardan yiroq bo‘ladi.

3. Ro‘za buyrakda toshlar yig‘ilishidan saqlaydi. Chunki ro‘za tutgan odamning qonida soda ko‘payib, kaliy tuzlari to‘planishini cheklaydi. Shuningdek, ro‘zadorning siydik yo‘llarida tuzlarning to‘planib qolishini yo‘qotadigan modda ko‘payishi ham ilmiy ravishda isbot qilingan.

4. Ro‘za inson jismini uning to‘qimalarida to‘planib qoladigan turli zararli moddalardan tozalashda yordam beradi. Ma’lumki, oziq-ovqat, dori-darmon va havo orqali inson jismiga ko‘plab zararli moddalar kirib, to‘planib qoladi. Ana o‘sha moddalar faqat ro‘za tutish orqali chiqib ketadi.
5. Ro‘za jinsiy moyillikning kuchini qirqadi. Bu esa, ayniqsa, yoshlar uchun juda ham foydali bo‘lib, jismni turli asabiy va jismoniy iztiroblardan saqlaydi. Bu holat ham ilmiy tajribalar orqali isbot qilingan.

Zikrillo OMONJONOV.