Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahar Amir Temur ko‘chasidagi madaniy meros ob’yekti buzib tashlanmagan, aksincha...

Joriy yilning 4 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan Samarqand shahri Amir Temur ko‘chasida joylashgan davlat himoyasidagi fuqarolik inshootining buzib tashlanganligi yuzasidan Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:

Xususiy mulk sifatida bugungi kunda fuqaro I.S.ga tegishli bo‘lgan Samarqand shahri Amir Temur ko‘chasi 37-uy manzilida joylashgan fuqarolik inshooti XIX-XX asrlar yodgorligi sifatida Samarqand viloyat hokimining 2000 yil 14-martdagi 83-K qarori bilan madaniyat yodgorligi sifatida davlat muhofazasiga olingan va keyinchalik O‘zbekiston moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan.

1994 yilda qurilish normalariga zid ravishda madaniy meros inshootiga qo‘shimcha qilib ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi qavat qurilgan. Birinchi qavatidagi asosiy va o‘rta devorlar xom g‘ishtdan qurilgani bois vaqt o‘tishi bilan ikkinchi qavatning og‘irligi tarixiy binoning avariya holatiga kelib qolishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Tarixiy bino avariya holatida bo‘lsa ham uni buzish bo‘yicha Madaniyat vazirligi yoki Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan hech qanday ruxsat yoki ko‘rsatma berilgan emas.

Bino egasining bildirishicha, yaqin kunlarda madaniy meros ob’yektiga tutash hududda kelishilgan loyiha asosida olib olib borilayotgan qayta qurish ishlarida og‘ir texnikalardan foydalanilganligi natijasida xom g‘ishlardan iborat birinchi qavat devorlari darz ketgan va natijada ikkinchi qavat birinchi qavatni bosib qolgan ekan.

Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi Samarqand shahri Amir Temur ko‘chasi 37-uydagi madaniy meros ob’yektining buzilishi sabablarini aniqlash bo‘yicha mustaqil ekspertiza tekshiruvi tayinlagan va bino egasiga inshootni malakali restavratorlarni jalb qilib asl holatini tiklash bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Madaniy meros ob’yektini asl holati tiklanmagan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish nazarda tutilgan.