Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand to‘ylaridagi litsenziyasiz san’atkorlar, shartnomasiz xizmatlar va to‘xtatilgan tantana...

O‘tgan hafta davomida viloyatimizdagi 489 ta to‘y (ularning 466 tasi restoranlarda, 23 tasi xonadonlarda) o‘tkazilgan.

Qayd etish lozimki, bunday tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori qabul qilinib, ma’lum me’yor va tartiblar belgilangan. Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyatimizda 16 ta davlat va nodavlat tashkilotlarining qo‘shma chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Shu asosda joylardagi mavjud holat yuzasidan kunlik, haftalik ma’lumotlar jamlab borilmoqda.

Afsuski, ayrim hollarda mutasaddilar vaziyatga beparvo qarayotgan bo‘lsa, boshqa holatlarda fuqarolar tomonidan parlament tomonidan belgilangan talablarga rioya qilinmayotgani kuzatilmoqda.

Xususan, 2 fevral kuni senator, viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova, “O‘zbekiston qahramoni”, senator, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov va viloyat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari B.Nasriyevlar shahar hududidagi restoranlarda o‘tkazilayotgan to‘ylar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

O‘rganish davomida “Shohona” restoranida o‘tkazilayotgan nikoh hamda yubiley to‘ylari litsenziyasiz san’atkorlar xizmat qilayotganligi aniqlangan. “Grand Asli” bazmgohidagi nikoh va sunnat tuylarda ham shunday holat kuzatilgan.

“Nur” restoranidagi nikoh hamda sunnat to‘ylarini o‘tkazish bo‘yicha restoran bilan shartnoma tuzilmagan. San’atkorlarning litsenziyasi bo‘lmagan.

Shuningdek, shu kuni “Sulton saroy” restoranida rejalashtirilgan nikoh to‘yi shahar muvofiqlashtiruvchi komissiyasi tomonidan to‘xtatilgan. Negaki, bo‘lajak kelin - 55-maktabning 10-sinf o‘quvchisi M.O. voyaga yetmaganligi hamda ikki yosh FHDYo organlaridan qonuniy nikohdan o‘tmagan bo‘lgan.

Paxtachi tumanida 1 fevral kuni “Islom ota” to‘yxonasida nikoh to‘yida belgilanganidan ko‘p mehmonlar bo‘lishiga qaramasdan, tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan chora ko‘rilmagan.

Shu kuni “Bo‘ronshoh” va “Baxt” to‘yxonasida o‘tgan to‘ylardagi shunday holatlarga ham mutasaddilar ko‘z yumishgan.

2 fevral kuni “Diydor” to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan nikoh tuyida san’atkorlar litsenziyasi bo‘lmasa-da, xizmat qilganligi uchun ogohlantirish berilgan. Narpay tumanidagi “Mumtoz” to‘yxonasida o‘tkazilgan san’atkorlar guruhi, videotasvirchi va suxandon ham letsenziyasiz xizmat ko‘rsatganligi uchun ogohlantirilgan.

Urgut tumanida “Xushvoq bobo” bazmgohida 3 fevral kuni qo‘shaloq to‘yda litsenziyasiz sana’tkorlar chiqarib yuborilib, o‘rniga Abror Umarov boshchiligidagi san’atkorlar guruhi kiritilgan.

Payariq tumanidagi “Yagona” to‘yxonasida to‘yxona egasi shartnoma tuzmasdan yubiley va sunnat to‘yi o‘tkazgan. Ammo tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan chora ko‘rilmagan.

Darvoqe, shu o‘rinda qonunchilikdagi bir normani eslatib o‘tish lozim. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi, deb belgilangan.

Xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin takror sodir etganlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yusuf SALIMOV,

To‘y va marosimlar, oilaviy tantanalar o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘yicha viloyat muvofiqlashtiruvchi komissiyasi shtabi rahbari.