Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyati byudjet mablag‘laridan 3 milliard so‘mdan ortiq erkin qoldiq shakllangan. U qanday maqsadlarga yo‘naltiriladi?

Avval xabar qilganimizdek, bugun xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i va boshliq o‘rinbosarlari tasdiqlandi.

Sessiya ishida, shuningdek, Samarqand viloyati byudjetining 2020 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Deputatlar viloyat byudjetining 3 milliard 399,3 million so‘m erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan tadbirlar va ajratiladigan mablag‘lar miqdorini tasdiqladi.

Xususan, "O‘zbekkino" milliy agentligi bilan "101" nomli ilmiy ommabop, hujjatli hamda badiiy kinoloyihani suratga olish bilan bog‘liq xarajatlarga 1 milliard 544 million so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasiga Brayl yozuvidagi adabiyotlarni chop etadigan kichik bosmaxona tashkil etish uchun 228 million so‘m ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, erkin qoldiq mablag‘larining qolgan qismidan Qo‘shrabot tumanidagi 6 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini zarur mebel jihozlari bilan ta’minlash, Jo‘sh hududi va unga tutash hududlarga ko‘cha chiroqlari o‘rnatish, Payariq tumanidagi O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘ini, Qo‘shtegirmon qishlog‘ida ichki yo‘l qurilishi, tumandagi ichki yo‘llarni ta’mirlash va shag‘al tosh yotqizish uchun tuman obodonlashtirish boshqarmasiga yoqilg‘i olish, Past Darg‘om tumanida ham shu kabi ishlar uchun tegishlicha mablag‘lar ajratiladi.

Bundan tashqari, sessiya qarorida bir qator madaniy tadbirlarni moliyalashtirish belgilab qo‘yildi.

Viloyat byudjetining qo‘shimcha manbalaridan mablag‘ ajratilgan tashkilotlar rahbarlariga ajratilgan mablag‘lardan foydalanish hamda erishilgan natijalar to‘g‘risida Kengashga hisobotlarni taqdim etish vazifasi yuklatildi.

Viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi, viloyat g‘aznachilik va davlat moliyaviy nazorat boshqarmalariga ajratiladigan mablag‘larni maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat o‘rnatish vazifasi yuklatildi.