Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ogohlantiradi!

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida viloyatimizda, xususan, Samarqand shahrida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan har bir ko‘cha, mahalla, bozorlar, savdo-sotiq do‘konlari, dorixonalar atrofida karantin qoidalariga rioya qilish hamda koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olish borasida nimalarga rioya qilish lozimligi borasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlariga qaramay, afsuski, bu talablarga rioya qilmayotgan, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yayotgan fuqarolar uchramoqda.

Misol tariqasida, 18 may kuni soat 19:00 ga qadar viloyat hududida karantin qoidalarini buzganligi uchun 215 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtrildi.

Zaruratsiz uydan chiqmang! Ehtiyojlar uchun bozor, do‘kon yoki dorixonalarga chiqqaningizda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlang!

O‘zingizda kasallik belgilarini sezsangiz zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qiling!

Karantinning barcha cheklovlariga qat’iy rioya qiling!

Ko‘chada bemaqsad yurgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.

Har birimiz xalqimiz tinchligi va salomatligi uchun mas’ulmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasiga (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) binoan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.