Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyatida karantindan qochgan shaxs ushlandi. U jinoiy javobgarlikka tortiladi

Toshkent viloyati IIBB Parkent tumani IIB xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida karantinda bo‘lib turib, belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay qochgan shaxs ushlandi.

Tafsilotlarga ko‘ra, joriy yilning 19 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Samara shahridan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan poyezd yo‘lovchilari, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda, Samarqand viloyatida tashkil etilgan karantin markazlariga joylashtirilgan. Ammo Parkent tumanida yashovchi, 1954 yilda tug‘ilgan fuqaro T.E. belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay karantindan qochgan.

Hozirda ushbu shaxs o‘z uyida ushlangan va ehtiyot chorasi sifatida izolatsiyaga olingan. Shuningdek, fuqaro T.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257(1)-moddasi  (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Batafsil ma’lumot beriladi.

Mamlakatimizda infeksiyasining keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin e’lon qilingan. Mazkur vaziyatda davlat idoralarining asosiy vazifalaridan biri aholi o‘rtasida sarosimaga yo‘l qo‘ymaslik va qisqa muddat ichida mazkur infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashishdir. Shu bilan birga, aholi tinchligi va jamoat tartibini saqlagan holda jinoyatchilikning oldini olishdan iborat.

Shu o‘rinda fuqarolarga eslatib o‘tamiz, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa, 11 million 150 ming so‘mdan 22 million 300 ming so‘mgacha miqdorda jarima solish yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.