Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 2,4 kilometr masofada 4 tasmali yo‘l qurilyapti

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 27-28 avgust kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari va kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan majlis bayoniga asosan Samarqand tumanining Xo‘ja Ahrori Vali majmuasidan Samarqand shahridagi Gulobod ko‘chasining G-34 kesishmasigacha bo‘lgan qismida 6 qatorli avtomobil yo‘li qurilishini tashkil etish belgilangan edi.

Mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida bugun 2,4 kilometr masofada yo‘lni tubdan rekonstruksiya qilish va qayta qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, yo‘l yoqasida joylashgan binolar buzilishining oldini olish maqsadida mavjud 9-10 metr gabaritdagi yo‘l tubdan rekonstruksiya qilinishi hisobiga 4 tasmali, gabariti 15 metrli yo‘l qurilishi belgilangan.

Yo‘lning har ikki tomonidan irrigatsiya lotoklari, piyodalar yurish yo‘lagi va ko‘kalamzorlashtirilgan maydonlar quriladi. 120 ta ustunlar o‘rnatilib, 120 ta yoritish lampalari bilan jixozlanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu yo‘l qurilishi uchun 18 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 maydagi “Samarqand shahrida 2019-2022 yillarda amalga oshiriladigan ulkan bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Xo‘ja Ahrori Vali majmuasidan Samarqand shahridagi Gulobod ko‘chasi orqali Termiz ko‘chasigacha 3,2 kilometr masofada D-500 millimetrli oqova suvi tarmog‘i yotqizilishi belgilandi. Shuningdek, 2,1 kilometr masofada D-325 millimetrli ichimlik suvi tarmog‘ini yangidan qurish ishlari boshlandi.

Bundan tashqari, ko‘chadagi mavjud shisha tolali aloqa kabellari hamda 375 metr yer osti elektr kabellari ko‘chirilmoqda. Qurilish-ta’mirlash ishlariga 10,7 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.