Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 24 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aydi

Bugun Buxoro viloyatida 2, Samarqand viloyatida 24, jami 26 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor tuzaldi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Ta’kidlash joizki, Buxoro viloyatida reabilitatsiyaga kuzatilgan 2 nafar inson hozircha ushbu hududdagi koronavirus infeksiyasiga chalingan so‘ngi bemorlar sanaladi. Ikkisi ham Buxoro shahridan va koronavirus infeksiyasini bemorlar bilan muloqot orqali yuqtirib olishgan. Biri 53 yoshdagi ayol bo‘lsa, ikkinchisi esa 6 yoshli qizaloq. Shunday qilib, viloyatda 442 nafar kasallanish holati qayd etilgan bo‘lsa, fidokor shifokorlarimiz sa’y-harakatlari bilan bugungi kunda ularning barchasi butunlay darddan forig‘ bo‘lishdi.

Samarqand viloyatida sog‘ayganlarning 11 nafari erkak, 13 nafari esa ayollardir, ularning barchasi koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Shuningdek, tuzalganlarning barchasi Samarqand viloyatidan (8 nafari Samarqand shahridan, 5 nafari Oqdaryo tumanidan, 4 nafari Samarqand tumanidan, 2 nafardan Payariq va Ishtixon tumanlaridan, 1 nafardan Toyloq, Pastdarg‘om va Jomboy tumanlaridan). Ular orasida eng yoshi kattasi 51 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 2019 yilda tug‘ilgan. Samarqand viloyatida shu paytga qadar 178 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 202 nafarga yetdi.

Ayni paytda mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 2438 nafarni tashkil etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.