Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda qo‘lga olingan tojikistonlik kontrabandachilarga sud hukmi o‘qildi

Xorazm viloyati IIB va DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida respublikamiz hududida Tojikiston Respublikasi fuqarolarining jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qildi.

Tojikiston Respublikasi fuqarolari 34 yoshli I.U. va 36 yoshli K.D.lar oldindan jinoiy til biriktirib, K.D. boshqaruvidagi “Vaz-2110” rusumli avtomashinaning benzin baki ichiga yashirgan holda Tojikiston Respublikasi hududidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga chegara posti orqali kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan 6 dona polietilen paketlarga qadoqlangan “OPIY” giyohvandlik vositasini 2019 yil 05 iyun kuni soat 01:30 da Samarqand viloyati hududida 20.000 AQSh dollariga sotayotganlarida tezkor tadbir asosida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda sotish) va JKning 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan yuqoridagi moddalar bilan ayblov e’lon qilingan hamda “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

2019 yilning 5 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tumani sudining hukmiga ko‘ra K.D. va I.U.lar O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi va 246-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, K.D.ga nisbatan 10 yil, I.U.ga esa 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.