Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda uy-joy qurilishi hajmi ortadi, shahar kengayadi

O‘tgan hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga, galdagi vazifalar, shu jumladan, viloyatlardagi rejalar xususida fikr almashindi.

“Za liniya” zamonaviy shaharcha bo‘ladi

Samarqand shaharidagi vokzalorti, ya’ni xalq tilida “Za liniya” deb nom olgan, bir tomoni temir yo‘l, ikkinchi tomoni Siyob arig‘iga tutash, atrofi jarliklardan iborat bu manzil yillar davomida e’tibordan chetda qolgan. Bu maskanda bir zamonlar jazodan qochganlar, jamiyatda o‘rin topa olmaganlar yashagan.

Eski, vaqtinchalik savdo do‘konlarini hisobga olmasa, bu hududda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari yo‘q, jamoat transporti qatnovi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. To‘g‘ri, mavzedagi yo‘llarga asfalt yotqizildi, maktab, bolalar bog‘chalari ta’mirlandi, tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Biroq o‘z vaqtida uy-joylarning tartibsiz, jar yoqalariga, hatto noqonuniy qurilgani, ayni paytda bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun mahalla faollarining harakati ko‘ngildagidek natija bermayapti. Umumfoydalanishdagi hovlilarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan xonadonlar yo‘llarni yopib qo‘ygan.

Shu sababli bu mavzeda 16-20 ming aholi yashaydigan shaharcha qurish loyihasi tuzilyapti. Prezident Samarqandga tashrifi chog‘ida, tanishib o‘z tavsiyalarini berishini aytgan ushbu loyihada, eng avvalo, 30 ga yaqin ko‘p qavatli uy, maktab, mahalla markazi, bolalar bog‘chasi, istirohat bog‘i, sport va savdo majmualari, boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari quriladi. Jar yoqasidagi uylar ichkariga olinib, sayr qilish maydonchalari barpo etiladi. O‘zbekkenti qishlog‘i orqali Zarafshon daryosidagi korxonalardan shag‘al tashuvchi og‘ir yuk mashinalariga alohida yo‘l ochiladi. Qorasuv massividan shaharga kiruvchi yo‘l shu mavze orqali o‘tadi, kanalizatsiya tarmog‘i tortiladi.

Ko‘hna kent eniga ham, bo‘yiga ham o‘sadi

Samarqand shahridagi bugungi uy-joy salohiyati va infratuzilma 600 mingdan oshgan aholi ehtiyojini qondira olmaydi. Shu bois, shaharni Past Darg‘om, Nurobod, Samarqand tumanlari tomon kengaytirish, yangi mavzelar, “yo‘ldosh shaharchalar” barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yo‘nalish viloyat uchun yana bir o‘sish nuqtasi bo‘lishi, minglab ish o‘rinlari yaratilishini davlatimiz rahbari ham alohida ta’kidladi.

Negaki, viloyatda 120 ta noruda konlar mavjud bo‘lib, ulardan 33 tasi sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishga jalb qilinmagan. Misol uchun, 5,1 million kub metr keramzit va pardozbop toshlar, 200 ming tonna ferro-silitsiyni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyati bor.

Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mutasaddilarga mavjud konlarning muhandislik infratuzilma ta’minotini o‘rganib, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda shuningdek, sanoati orqada bo‘lgan tumanlarni rivojlantirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumanidagi qismini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Ish ham, ishlab chiqarish ham ortadi

Pandemiyaga qaramasdan bugun viloyatdagi qurilish korxonalarining barchasi ishga tushirilgan. 318 ta qiymati 865,4 milliard so‘mlik ijtimoiy soha va infrastruktura ob’yektlarida 10,5 ming nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda.

Darvoqe, sohada mavjud korxonalarning 47 tasi 25, 107 tasi 50, 80 tasi 75 va 119 tasi yuz foiz quvvatda ishlamoqda. Ularni to‘la quvvatda ishlatish uchun 220 ta qurilish materiallari  korxonalarida mahsulot tayyorlash hajmlarini oshirish choralari ko‘rilmoqda.

So‘nggi ikki yilda ushbu yo‘nalishdagi bunyodkorlik uchun zarur mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar sonini 300 dan oshirish rejalashtirilgan. Bu borada yil yakunigacha 71 ta yangi korxona ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Sohadagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, ayniqsa, tizimda band bo‘lganlar sonini oshirish maqsadida shahar va tumanlarda qo‘shimcha tarzda ajratilgan 264,7 milliard so‘m mablag‘ evaziga 92 ta ob’yektda qurilish ishlari amalga oshiriladi. Ya’ni, davlat dasturi doirasida belgilanganiga qo‘shimcha tarzida 22 ta maktab, 6 ta MTT, 1 ta sport, 4 ta ichimlik suvi, 49 ta avtomobil yo‘li, 10 ta irrigatsiya ob’yektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Yoqubjon MARQAYeV,

«Zarafshon» muxbiri.