Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi tez tibbiy yordam shoxobchalariga 20 ta “Damas” avtomashinalari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida har bir viloyatda namunali birlamchi tibbiyot muassasalari tashkil etish hamda unga qo‘yiladigan talablar yuzasidan seminar o‘tkazilishi belgilangan.

Xuddi shunday seminar Samarqanddagi tibbiyot muassasalarida bo‘lib o‘tdi. Seminar avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Pardayev ishtirokida viloyatdagi tez tibbiy yordam shoxobchalariga 20 ta  «Damas» mashinalari tantanali topshirildi.

Marosimda viloyat hokimi E.Turdimov so‘zga chiqib, viloyatda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtaldi.

- Shu yilning o‘zida mahalliy byudjetdan tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun 27 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, - dedi viloyat hokimi. - Shuningdek, bunga qadar 20 ta yengil mashina, 16 ta boshqa turdagi avtomobillar ajratildi.

Tadbir ishtirokchilari Samarqand shahridagi 4-, 9-oilaviy poliklinika hamda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada bo‘lib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. 9-poliklinikada mahalliy byudjet hisobidan 4 milliard 300 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Elektron poliklinikaning ahamiyati nimada? U qaysi muassasalarda yo‘lga qo‘yilgan? Keyingi xabarlarimizda shu haqda to‘xtalamiz.

Gulruh MO‘MINOVA.

Alisher ISROILOV (foto).