Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandlik soliqchilarga saylov qonunchiligi bo‘yicha ma’lumot berildi

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda “56-Registon” saylov okrugi a’zolari Bektosh Rahimov, Ibodat Sattorova, viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Orif Muhammadiyevlar saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishdi.

- Joriy yilgi saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi, - deydi Ibodat Sattarova. - Kodeksda saylovlarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof o‘tkazishga xizmat qiladigan 30 dan ortiq yangi norma va qoidalar joy olib, ilgari amalda bo‘lgan ko‘plab cheklovlar chiqarib tashlandi. Ushbu kodeks bo‘yicha fuqarolarning saylov huquqlariga oid bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yuritish tizimi joriy etilib, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, og‘ir hamda o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etmagan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Saylov komissiyalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi joriy etildi.

Mutaxassislar qonunchilikdagi o‘zgarishlardan tashqari, muhim siyosiy jarayonga viloyatda ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tildi. Qatnashchilar tomonidan berilgan savollarga javob qaytarildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.