Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

San’atkorlarning litsenziyasi karantin davrida uzaytiriladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi sabab e’lon qilingan karantin vaqtida ko‘plab fuqarolarimiz tomonidan san’atkorlar, sozandalar, ovoz operatorlarining litsenziyasini uzaytirilishi borasida savollar yuzaga keldi. Ushbu savolga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi saytida quyidagicha javob berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-sonli va 3 apreldagi PF-5978-sonli Farmonlariga asosan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va yengilliklardan foydalanish bo‘yicha me’yorlar belgilandi.

Jumladan, o‘rnatilgan muddatlarga qadar:

- ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytirish;

- o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat’iy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblashni to‘xtatish huquqi berildi;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘yicha me’yorlar belgilandi.

Karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat’iy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatilishi belgilandi. Bunda faoliyatni to‘xtatganlik to‘g‘risida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlari xabardor qilinadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risida guvohnomani topshirish talab etilmaydi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda 2020 yil 1 oktyabrga qadar quyidagi soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etildi. Ijtimoiy soliq bo‘yicha — uni keyinchalik 6 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti belgilandi.

Shu o‘rinda, litsenziantlar konsert - tomosha faoliyati amalga oshirish huquqi beruvchi litsenziya asosida faoliyatni davom ettirish, litsenziyani to‘xtatish yoki amal qilishini tugatish, bekor qilish huquqiga ega.

Shu bilan birga, soliq to‘lanishi masalasi yuzasidan ro‘yxatdan o‘tgan manzil bo‘yicha shahar, tuman soliq idoralariga va litsenziya masalalari borasida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hududiy bo‘limlariga murojaat etish tavsiya etiladi.