Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Senator mushohadasi: Elga xizmat qilgan kishi baraka topadi

Samarqandlik deputatlar “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasidagi ishlarni nazorat qilish barobarida o‘z saylovchilarini doimiy ish bilan ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqdalar.

Oliy Majlis Senatining tavsiyalari asosida mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz o‘zlarining faoliyatini birmuncha jonlantirishga hamda saylovchilari o‘rtasidagi obro‘sini ta’minlashga erishmoqdalar. Albatta bu o‘z-o‘zidan bo‘lmayapti. Eng avvalo, har bir deputat o‘z saylov okrugida joriy yilda amalga oshiriladigan loyihalar jadvali bilan ta’minlandi. Viloyat, shahar va tumanlar Kengashlarida “Senatorlar xonasi” tashkil etilishi barcha ishni muvofiqlashtirish barobarida  deputatlarga talabchanlikni kuchaytirishga yordam berdi. Deputatlarimiz ijtimoiy tarmoq orqali o‘z okruglarida belgilangan loyihalar, hududiy dasturlar ijrosini nazorat qilish bo‘yicha kundalik faoliyatlarini yoritib bormoqdalar.

Prezidentimizning pandemiyaga qarshi kurashish doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazgan selektor yig‘ilishidan keyin barcha Kengashlar sessiyalarida ushbu masala muhokama qilindi. Kengash raislari deputatlarga ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash, ro‘yxatga olingan 47 300 nafar fuqarolarni tadbirkorlikka undash, o‘z biznesini boshlashiga ko‘maklashish, muqim ish bilan ta’minlash borasida faol bo‘lish yuzasidan murojaat qildilar.

Viloyat bo‘yicha belgilangan barcha oilaga oziq-ovqat mahsulotlari to‘la yetkazib berildi. Bu borada deputatlar tomonidan  aniqlangan xato va kamchiliklar darhol bartaraf etildi. Viloyat Kengashi qoshida senator rahbarligida tashkil qilingan shtab har kuni bu ishlarni umumlashtirib, aniq vazifalar belgilab bermoqda. Ommaviy axborot vositalarida “Saxovat va ko‘mak” harakati hamda kambag‘allikni tugatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muntazam yoritib borilayotir.

Misol uchun, Paxtachi tumaniga klaster tomonidan o‘n bitta kultivator olib kelingan. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Erkin Nurboyev tashabbusi bilan ularning barchasi xorijdan qaytgan va ishsiz yurgan mutaxassislarga biriktirildi. Yoki xalq deputatlari Paxtachi tuman Kengashi deputati Berdilla Egamberdiyevni olaylik, u yil boshidan buyon to‘rtta oilaga issiqxona qurish uchun kredit olib berishga erishdi. Bir qismi hosilini bozorga olib chiqayotgan bo‘lsa, yangidan qurib bitkazilgan issiqxonalarda ko‘katlar yetishtirilyapti. Shu tariqa Quvondiq mahallasidagi 500 ta xonadonning deyarli hammasida tomorqadan katta daromad olish yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, deputatlarga qilingan murojaat tufayli muhtojlarga ko‘mak ko‘rsatayotgan korxonalar uchun imtiyozlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishiga erishilmoqda.

Narpay tumani Kengashi deputati Ruqiya Shukurova ham o‘zi yashab turgan mahalladagi ikkita oilaga issiqxona qurish uchun 30 million so‘mdan mablag‘ ajratilishiga erishdi. Shu tuman Kengashi deputati Karim Mahammadiyev tashabbusi bilan Toshko‘prik mahallasida yashovchi 52 nafar fuqaro fermer xo‘jaliklariga doimiy ishga joylashtirildi. Samarqand shahar Kengashi deputati Bahodir Rahmonov o‘rganish jarayonida Muliyon mahallasida to‘rtta ehtiyojmand oila ro‘yxatga kirmay qolganini aniqladi hamda ular ro‘yxatga kiritildi. Shuningdek, Payariq tuman Kengashi deputati Shuhrat Farmonov Xosa mahallasidan 32 nafar fuqaroning haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb etilishini doimiy nazoratga olgan.

Viloyat Kengashi deputati, senator Shavkat Jalolov o‘zi rahbarlik qilayotgan “Agromir group” qo‘shma korxonasiga keyingi bir oy ichida ming nafar ishchini a’zo qilib oldi. Samarqand, Oqdaryo, Payariq tumanlarida yashovchi bu fuqarolarga tez va ertapishar pomidor hamda bodring nihollari tarqatildi va bu ekinlar hosilini sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzildi. Viloyat Kengashi deputati Gulbeka Qo‘chqorova o‘zining tikuvchilik korxonasiga may oyida 10 nafar yangi ishchi oldi, iyun oyida esa yana o‘n nafar xotin-qiz uchun muqim ishchi o‘rni yaratilyapti. Viloyat Kengashi deputati “Hamidjon Murodov” MChJ rahbari Narziqul Xoliqov o‘z korxonasiga may oyida 8 ta yangi ishchi oldi. U ikki oydan buyon 34 ta xonadonni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlab turibdi.

Deputatlar o‘z faoliyatlari davomida aholi o‘rtasida kambag‘allikni tugatish, boqimandalikdan voz kechish, tomorqadan unumli foydalanish yuzasidan keng targ‘ibot ham olib borishyapti. Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda joylarda tadbirkorlikning yo‘nalishlari, loyihalari, taqdimotlarini ham o‘tkazmoqda. Zero, elga xizmat qilgan kishi, albatta, baraka topadi.

Farmon Toshev,

Oliy Majlis Senati a’zosi.

(«Xalq so‘zi» gazetasining 2020 yil 16 may sonidan olindi).