Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

So‘nggi belaruslik muxolifatchi, Nobel sovrindori mamlakatni tark etdi

Belarus muxolifati muvofiqlashtirish kengashi a’zosi, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevich Belarus hududini tark etdi. Bu haqda 28 sentyabr kuni Lenta.ru nashri xabar berdi.

Aleksiyevich 28 sentyabr, dushanba kuni tongda Germaniyaga uchib ketdi. Yozuvchining yordamchisi Tatyananing so‘zlariga ko‘ra, Svetlana Aleksiyevichning mamlakatdan chiqib ketishi muvoffiqlashtirish kengashiga nisbatan ochilgan jinoiy ish bilan bog‘liq emas.

“U o‘zining shaxsiy ishlari bilan ketdi. Uni rejalashtirib qo‘yilgan uchrashuvlari bor. Shvetsiyadagi kitob yarmarkasida, shuningdek, Sitsiliyada unga mukofot topshiriladi”, deb ta’kidladi Tatyana.

“Aleksiyevich qachon mamlakatga qaytadi”, degan savolga uning yordamchisi “Barchasi bu yerdagi vaziyatning qanday rivojlanishi va u o‘zini qanday his qilishiga bog‘liq”, deb javob berdi.

Aleksiyevich Belarus hududida ozodlikda qolayotgan muvoffiqlashtirish kengashining so‘nggi a’zosi edi. Qolgan a’zolar hibsga olingan yoki xorijga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.