Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Surxondaryoda kuzatilgan sel tufayli 900 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi

2020 yil 13 may kuni soat 21:00 da kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Oltinsoy” soyining suv hajmi sezilarli darajada oshgan. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur holat oqibatida suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligi sababli viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi (FVDT) kuch va vositalari yordamida ushbu hududda istiqomat qilayotgan 900 nafar fuqaro xavfsiz (yaqin qarindoshlari uylari) hududga vaqtincha ko‘chirildi.

Bundan tashqari, shu kuni Boysun tumanidagi Pasurxi mahallasiga Boysun tog‘ tizmasiga surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida “Oybarak” soyi orqali sel kelgan.

Shuningdek, tumanning Hunarmandlar mahallasidan oqib o‘tuvchi “Avlod” soyi orqali sel kelishi oqibatida Avlod hamda Sariosiyo qishloqlarini bog‘lab turuvchi ko‘prikni suv bosganligi tufayli avtomobillarning harakatlanishi vaqtincha to‘xtatilgan.

Vaziyat viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan to‘liq nazoratga olingan. Ayni damda boshqarma qutqaruvchilari hamda FVDTning 150 dan ortiq xodimi, shuningdek, 20 ga yaqin texnika yordamida sel oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Sel oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.