Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkorlar uchun alohida qonun qabul qilinadi

Prezidentimizning mamlakat parlamenti va xalqimizga Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonda boshlangan va natijadorligi muqarrar ta’minlanayotgan islohotlar siyosati izchil strategiya asosiga qurilganini yana bir bor isbotladi. Bu borada tadbirkorlarga yaratilajak imkoniyatlar fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Pandemiya davrida tadbirkorlarning davlat bilan tengma-teng harakat qilgani yaxshi natijalar berdi. Aks holda ko‘pgina sohalar og‘ir ahvolga tushib, to‘xtab qolishi mumkin edi. Sinovlarga qaramasdan  ijobiy o‘sish saqlanib qoldi”, deya ta’kidladi. Shu sababli tadbirkorlarga moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq tekshirishga moratoriy yana bir yil muddatga uzaytirish taklif qilindi. Umuman, davlatimiz rahbari ilgari surgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi, kodeks qabul qilinishiga oid tashabbus ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap bo‘ldi.

Ahamiyatlisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan “Tadbirkorlik Kodeksining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish hamda huquqiy tartibga solishdagi ahamiyati” mavzuida davra suhbati va uchrashuvlar tashkil etilib, takomillashtirish, qonun hujjatlarini tizimlashtirish va yagona to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi huquqiy hujjat yaratish taklifi saylovoldi dasturidan o‘rin olgan.

Mazkur hujjat barcha davlat va mahalliy boshqaruv organlari, tadbirkorlar bilan birgalikda rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rgangan holda ishlab chiqilmoqda. Xususan, Kodeksda quyidagilarni nazarda tutish taklif etilmoqda:

- tadbirkorlik faoliyatining huquqiy asoslari;

- tadbirkorlik sub’yektlarining turlari va shakllari;

- tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va majburiyatlari;

- tadbirkorlik faoliyatining asosiy kafolatlari;

- faoliyat turlarini amalga oshirish uchun ruxsat berish mezonlari va vakolatli organlar;

- tadbirkorlik sohasini davlat tomonidan tartibga solinishi;

- ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi;

- tadbirkorlik sub’yektlari ustidan davlat nazorati;

- tadbirkorlik faoliyatining iqtisodiy va ijtimoiy qoidalari;

- sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;

- mahsulot va xizmatlar sifati tizimi;

- tadbirkorlik sub’yektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtiroki;

- tadbirkorlik faoliyatining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va imtiyozlar;

- tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasidagi huquqiy va iqtisodiy munosabatlar tizimi;

- tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tugatish tartibi va boshqa qator vazifalar ko‘zda tutilgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi kuchimizga kuch qo‘shdi, saylovchilar manfaatlari yo‘lida yangi marralar sari ilhomlantirdi.

G‘ayrat ABDIYeV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.f