Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tanish manzaralar

Tug‘ruqxonada

- Ena, mana, oling, “suyunchi”, deb kelsa berasiz.

- Berib qo‘ydim, bolam, berdim.

- Pulingiz bormidi?

- Pul qayda, bolam, o‘zim yopgan sutli non bilan bulturgi g‘o‘lin o‘rik turshagidan berdim. Kelinim eson-omon qutulib olsa, bir siqim asrab qo‘ygan soyaki mayizdanam keltirib beraman.

- Soddasiz-da, enajon...

Bolalar bog‘chasida

- Dugonajon, ko‘z tegmasin, o‘g‘lingiz ruschani avvalgidan ancha tuzuk gapiryapti. Qo‘shimcha to‘garakka berdingizmi?

- Tarbiyachisiga bayramlarda sovg‘a-salomni kanda qilmayapmiz. Hozircha natija yomon emas.

Bankda

- Hali yangisiz, bankimizga kredit so‘rab kelgan mijozdan pul so‘rab qo‘ymang tag‘in. Ogohlantirib qo‘yish mening burchim: “podvadit” qilmang, deyman-da.

“Sizga kredit beriladi-yu, faqat yana ozgina muddat kutasiz, iloj qancha”, desangiz, farosatli, dangal tadbirkor maqsadga ko‘chadi-qo‘yadi. Kutib yurgandan ko‘ra, naqdi bilan ishni bitkazadiganlar oz emas. Ular xarajatsiz harakat nolga tengligini da yaxshi biladi...

Uyda

- Dada, siz aytgan institutda o‘qimasamchi? Dizayner bo‘lmoqchiman.

- Ey bola, ko‘zingni kattaroq och, bu turishda kosang oqarmay o‘tib ketasan. Men o‘qishingni gaplashib qo‘yganman...

Ko‘chada

- Qoidani buzdingiz, uka. Taqiqlash belgisini ko‘rib turibsiz-ku!

- Komandir, shoshib turgandim, uzr, endi boshqa qaytarilmaydi.

- Hujjatlarni bering, yozmasam bo‘lmaydi.

- Pasportni bersam yetar, hamma “hujjat” o‘sha yerda...

- Qani, bering-chi... Mayli, bir safar kechiraman. Xavfsizlik kamari taqilmagan, deb yozib beraman. Yozmasam bo‘lmaydi, huv anavi yerda kamera bor...

Talabalar yotoqxonasida

- “Iqtisod” sal injiqrog‘-u, o‘qisang, qo‘yib beradi. Oliy matematikadan daftarlaring hamisha joyida bo‘lsin. Har dars bittalab tekshiradi. Sotsiologiyadan iloji bo‘lsa, “nb” tushirma. Undanam astoydil o‘qisang, vazifalarini vaqtida topshirsang, baho olasan. O‘rtaga tanish-bilish tiqishtirma yana. Bahosiz qolib ketasan-a!

- Kimyoni aytmadingiz-ku?!

- Buni sessiya payti “starosta”ning o‘zi aytadi.

Xulosa

Yodingizda bo‘lsin, “Chaqmoq qancha balandda chaqnamasin, egri bo‘lgani uchun, albatta, yerning qa’riga borur. Shamki, to‘g‘ri, adildir - kuysa ham boshdan oyoq nur bo‘lib kuyur”. Siz qay birini tanlaysiz: chaqmoqdek balandliknimi yoki sham kabi to‘g‘rilikni?

Nargiza YuNUSOVA,

“Adolat” SDP faoli.