Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Taqiqlangan moddalarni ichki organlarida olib o‘tayotgan yetti nafar narkokurer ushlandi

Davlat bojxona qo‘mitasining kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining kontrabandasi fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Toshkent” xalqaro aeroportida xorijiy davlatga parvozi oldidan 4 nafar xorijiy davlat fuqarolari bojxona nazoratidan o‘tish chog‘ida ularning xatti-harakatlari va bezovtalanishi bojxona xodimlari e’tiborini tortgan. Shundan so‘ng yo‘lovchilar aeroportdagi bojxona postiga o‘rnatilgan inson tana a’zolarini skanerlovchi “Body scanning” qurilmasi orqali ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida yo‘lovchilarning yo‘g‘on ichak kanallarida yot jismlar borligini aniqlangan. Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu shaxslar belgilangan tartibda poytaxtimizdagi Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga olib kelinib, shifokorlar tomonidan xolislar ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Ko‘rik natijasida 4 nafar yo‘lovchining ichki a’zolariga maxsus o‘ramlar yashirilganligi aniqlandi va chiqarib olindi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 4 nafar narkokurerlarning ichki a’zolarida yashirilgan jami 268 ta o‘ramlar ichida umumiy vazni 4 kg 152,52 grammni tashkil etuvchi geroin giyohvandlik vositasi yashirilganligi aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida ham yana bir narkokurer qo‘lga olindi. M.M. ismli shaxsning ichki a’zolarida 67 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 1 kg 42 grammdan ortiq opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, bojxonachilar tomonidan “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali xorijga yo‘l olgan yana bir kishi ushlangan. U o‘z ichki a’zolariga 35 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 544,75 grammdan ortiq geroin giyohvandlik vositasini yashirgan. Shundan so‘ng unga mazkur giyohvandlik vositalarini yetkazib bergan jinoiy sherigi xorijiy davlat fuqarosi ham ushlandi.

Bojxona xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida umumiy og‘irligi 5 kg 739 grammdan ortiqni tashkil etuvchi geroin hamda opiy giyohvandlik vositalarini ichiga yutgan holda olib o‘tmoqchi bo‘lgan jami 7 nafar narkokurerlar hamda mazkur jinoyatlarning asosiy tashkilotchilari bo‘lgan 3 nafar xorijiy davlat fuqarolari qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur aniqlangan barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.