Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Temir yo‘l chiptasi pullari foizlari ushlanmagan holda qaytariladi

Mamlakatimizga koronavirus COVID-19 infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida 2020 yil 16 martdan xalqaro yo‘nalishlarga hamda 24 martdan boshlab esa mahalliy yo‘nalishlarga harakatlanadigan barcha yo‘lovchi poyezdlar qatnovi vaqtincha bekor qilingan edi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xarid qilingan lekin amalda foydalanilmay qolgan temir yo‘l chiptalari uchun yo‘lovchilarga belgilangan tartibda va to‘liq hajmda chipta pullari foizlari ushlanmagan holda qaytarilmoqda.

60 kun oldindan xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarga chipta xarid qilgan yo‘lovchilar dastlab biroz xavotirlanib, turli xil savollar bilan murojaat qilishgan edi. Soha mutasaddilari tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlar tufayli yo‘lovchilarning chiptalarini topshirish bilan bog‘liq masalalari joyida, hech qanday muammosiz hal qilib berilmoqda.

2020 yil 14 martdan 27 mart sanasigacha yo‘lovchilardan 13114 ta xalqaro yo‘nalishlarga va 73807 ta mahalliy yo‘nalishlarga harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlarga olingan chiptalar barcha temir yo‘l kassalarida hamda elektron tarzda qaytarib olindi. Bugungi kungacha jami 15 milliard so‘mdan ortiq chipta pullari o‘z egalariga qaytarildi. Bu jarayon ayni kunda ham o‘rnatilgan tartibda davom etmoqda.

Shuningdek, xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarga yo‘lovchi poyezdlar harakati to‘xtatilgan kundan boshlab, temir yo‘l vokzallari binolari, temir yo‘l kassalari, yo‘lovchi poyezdlarini texnik va texnologik tayyorlash filiali VChD-2 hududida barcha yo‘lovchi vagonlari dezinfeksiya qilindi.