Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toyloqliklarning muammosi ko‘p. Parlamentdagi vakil ularni hal etishga harakat qiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Hamrayev Toyloq tumanidagi Sochak qishlog‘ida saylovchilar bilan uchrashdi. Dastlab deputat Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, unda belgilab berilgan vazifalarning bugungi kundagi ahamiyati xususida to‘planganlarga atroflicha tushuncha berdi.

Shundan so‘ng 20 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Sochak, Istiqlol, Gulobod, Xoncharbog‘ va Beklar mahallasi faollari bilan ochiq muloqotga kirishib, ularning murojaatlarini, takliflarini eshitdi.

Istiqlol mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Isrofil Azimov mahalla uchun bino qurishda yordam ko‘rsatish, Obloqul Jabborov o‘zi yashayotgan Sochak mahallasi ichki yo‘llarini ta’mirlash masalasida deputatdan yordam ko‘rsatishini so‘radi.

Istiqlol mahallasida yashovchi fuqaro Muhammad Botirov, Narziqul Berdiqulovlar suyultirilgan gaz ballonlari o‘z vaqtida aholiga yetkazib berilmayotganidan, Sochak mahallasida istiqomat qilayotgan fuqaro A’lam Sattorov shu mahalla hududidagi 9 maktabda sport zali yo‘qligidan, Haydar Jo‘rayev mahalla qishloq vrachlik punktida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati pastligidan, zarur jihozlar bilan ta’minlanmaganidan shikoyat qildi.

Shuningdek, fuqarolar Beklar, Xoncharbog‘, Gulobod mahallalaridagi qishloq vrachlik punktlari holati yaxshi emasligini bildirib, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish zarurligini ta’kidlashdi.

Sochak mahallasida yashovchi fuqaro Yunus Orziqulov va Ergash Ne’matov hududdan o‘tgan M-39 magistral yo‘lida yo‘l-transport hodisalari soni ko‘payib borayotgani bois xarakat xavfsizligini ta’minlash uchun svetofor hamda past tezlikda harakatlanishni ko‘rsatuvchi yo‘l belgisi o‘rnatishni taklif qildi.

Deputat ko‘tarilgan barcha masalalar va bildirilgan takliflar yuzasidan tuman hokimi bilan uchrashishini, mavjud muammolar tumanda yechim topmasa tegishli tartibda viloyat hokimiga, mutasaddi vazirliklarga murojaat qilishini ma’lum qildi.

O‘zMTDP Samarqand viloyat kengashi axborot xizmati.