Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tuman hokimi Qayum Sobirov bilan suhbat

– Qayum aka, Jomboy tumaniga rahbar bo‘lganingizga bir oydan oshibdi. Shu paytgacha ham rahbarlik vazifalarida ishlagansiz, lekin hokimlikning mas’uliyati katta, yuki og‘irroq bo‘lsa kerak...

– Albatta, shu paytgacha rahbarlik vazifasida ishlab bir tizim ishiga javob bergan bo‘lsam, endi hokimiyat tizimida hamma sohaga javob berish kerak. Deylik, bir fuqaro murojaatidan boshlab, tumanning ijtimoiy, iqtisodiy hayoti bo‘ladimi, barchasiga birinchi rahbar sifatida javob berish kerak va buni his qilyapman. Mas’uliyat juda yuqori.

Kelganimdan buyon bir oy vaqt o‘tgan bo‘lsa, ishni tumanning umumiy holatini, ko‘rsatkichlarini o‘rganishdan boshladim.

Tumanimizda 172 mingga yaqin aholi yashaydi. 38 mahalla, 100 dan ortiq qishloq bor. Hududimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 14 ta MMTPga bo‘lingan va 800 dan ortiq fermer xo‘jaliklari mavjud.

Jomboy meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgani uchun birinchi qilgan ishimiz fermer xo‘jaliklari yerlari va aholi tomorqalaridan foydalanish holatini o‘rganish bo‘ldi. Qishloq xo‘jalik ekinlarini ekishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani kuzatildi va ularni to‘g‘rilashga harakat qilyapmiz.

Yana bir masalamiz – yetishtirilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash. Biz o‘rganib chiqdik, tumanimizda 900 dan ortiq ishlab chiqarish, qayta ishlovchi xo‘jalik sub’yektlari bor ekan. Lekin soliqdagi bazani ko‘rganimizda ularning hammasi ham ishlamayapti yoki soliq to‘lamayapti. Endi ularning ichiga kirib faoliyati bilan tanishishimiz kerak.

Bugun bizning tumanimizda ham asosiy masala – aholi bandligini ta’minlash bo‘lib turibdi. Hozirda 39 mingdan ortiq oila bo‘lsa, 2170 ta kambag‘al, kam ta’minlangan oila ro‘yxati shakllantirilgan. Ular bilan jiddiy ishlashimiz kerak.

Kuni kecha Halvoyi mahallasiga borganimda ikkita xonadonda juda achinarli holatning ustidan chiqdim. Bittasining yashash sharoiti, ta’minoti juda og‘ir. Bu oila ro‘yxatga kiritilgan. Lekin uning muammosini biz olib borayotgan oziq-ovqat bilan hal qilib, hayotini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Oilaning ikki nafar mehnatga layoqatli boquvchisi bor, lekin ularga ish o‘rni yoki yetarli ta’minot yo‘q.

Birinchi navbatda oiladagi muhitni sog‘lomlashtirish, yashash sharoitini yaxshilash chorasi ko‘rdik.

Xalqimizga rahmat, Sardobadagi voqealardan keyin “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida oziq-ovqat, kiyim-kechak mahsulotlari keltirib berishyapti. Hozirda Sirdaryoga kiyim-kechak yuborilmayapti. Shuning uchun biz shu to‘plangan narsalarni yuvib, tozalab, yaroqlilarini tumanimizdagi kambag‘al oilalarga tarqatishni yo‘lga qo‘ydik. Bu oilaga ham ana shunday kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak yetkazib berdik va uyini ta’mirlashni boshladik.

Ikkinchi xonadonda esa ta’minot ham, iqtisodiy ahvol ham yaxshi. Faqat bu yerda oila a’zolari o‘rtasida ijtimoiy ziddiyat, kelishmovchilik bor. Bu oilani ham borib o‘rgandik va bitta o‘rganish bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Ushbu oila bilan jiddiy ishlashimiz kerak.

Bir oylik o‘rganishlarimizda yana bir masala bizni o‘ylantiryapti. Ko‘p fermerlarimiz yerdan samarali foydalanmayapti. Bu masalani fermerlar bilan gaplashib, qonuniy talablarni tushuntirdik. Agar yerdan maqsadli foydalanmaydigan bo‘lsa, shartnoma shartlarini bajarmasa, qarzdorlik ko‘payib ketgan bo‘lsa, belgilangan tartibda bu yerlarni olib qo‘yish va yerning qadriga yetadigan, undan samarali foydalanadigan kishilarga berishni aytyapmiz.

Bundan tashqari tumanimizda aholi tasarrufida 6,5 ming gektar tomorqa yerlari bor. Lekin odamlar tomorqasidan samarasiz foydalanyapti. 15-20 sotix, hatto 50 sotixgacha yeri bor. Aksariyati beda ekib qo‘ygan. Bunday tomorqachilarga yerga sabzavot ekinlari ekib, ko‘proq daromad olishni tushuntiryapmiz, ularga yordam beryapmiz. Issiqxonalar tashkil etish, quyonchilik, parrandachilik bilan shug‘ullanish uchun imtiyozli kreditlar taklif qilinmoqda. Kuni kecha ushbu masalada birinchi sektor hududida ta’minotchilar ishtirokida amaliy seminar ham o‘tkazdik.

– Ko‘pchilik Jomboy kichik tuman, yer-suv sharoiti yaxshi, sanoati rivojlangan, bu yerda ishlash oson deb o‘ylaydi...

– O‘zim ham Jomboy “kompaktniy” tuman deb o‘ylaganman. Lekin ishlab ko‘ryapmanki Jomboyda ham o‘ziga yarasha muammolar bor, muammo bo‘lganda ham chuqur muammolar ko‘p. Sanoat rivojlangan deymiz. Lekin raqamlar buni ko‘rsatmayapti-da. Ichiga kirib borganimiz sari ko‘p muammolar yuzaga chiqyapti. Ayrim tadbirkorlar katta-katta yerlarni yoki ob’yektlarni egallab olgan, ammo samarali foydalanmayapti. Tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlikda ishlashimiz kerak, ularning dardini eshitib, ko‘mak berishimiz zarur. Eksport bo‘yicha ham natijalarimiz qoniqarli emas. Hali juda ko‘p ishlashimiz talab etiladi.

– Tumandagi boshqa sektorlarda-chi, ish qanday ketyapti?

– Ish boshlaganimning dastlabki kunlaridan hamma sektorda bir xil siyosat asosida ishlashga kelishib olganmiz. Maqsadimiz bitta – tumanimizni rivojlantirish, jomboyliklar uchun munosib mehnat va turmush sharoiti yaratish. Men ishim qancha ko‘p bo‘lishidan qat’iy nazar, har bir sektor ishini o‘rganishga, ularga yordam berishga mas’ulman. Xuddi shunday boshqa sektor rahbarlari ham kasbiy faoliyat yo‘nalishlaridan tashqari, tuman hayoti uchun mas’uliyatni his qilib ishlashi lozim va oldimizga shunday maqsad qo‘yganmiz. Ishlayman, xalqimizga vijdonan xizmat qilaman, degan rahbarga tumanimizda ish juda ko‘p.

– O‘tgan qisqa vaqtda o‘zingizning hayotingizda, hayotga qarashlaringizda nima o‘zgardi?

– O‘zimning hayotim haqida aytadigan bo‘lsam, to‘g‘risi, Markaziy bankda ishlaganimda men odamlarning hayotini, xalqning dardini yaxshi bilaman deb, yurardim. Hokim bo‘lib, xalqning ichiga kirganimdan keyin qarashlarim butunlay o‘zgardi. Balandparvoz gap emas, kechalari uyqum qochib ketadi. Xalqning dardini endi his qilyapman, haqiqiy ahvolni ko‘ryapman.

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.